21:03 / 13.12.2020
8671
Futbol afsonasi Paolo Rossining dafn marosimi vaqtida uning uyi to‘nab ketildi

Italiyalik sobiq futbolchi, 10 dekabrda 64 yoshida vafot etgan Paolo Rossining uyi uning 12 dekabrda Vichensada o‘tgan dafn marosimi vaqtida to‘nab ketildi. Bu haqda 1982 yilgi jahon chempionati qahramonlaridan biri bo‘lgan futbolchining rafiqasi ma'lum qildi.    

Ansa axborot agentligining xabar berishicha, Rossining rafiqasi Federika Kappelletti dafn marosimidan qaytgach, Toskanadagi uyiga o‘g‘ri tushganini aniqlagan. O‘g‘irlangan buyumlar orasida Rossiga tegishli bo‘lgan qimmatbaho soatlar va naqd pul bo‘lgan. Uy to‘nab ketilgani haqida darhol politsiyaga ma'lum qilingan. Politsiya o‘g‘rilik yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergovni boshlab yuborgan.  

Rossi barcha zamonlarning eng yaxshi hujumkor o‘yinchilaridan biri sifatida futbol tarixiga kirgan. Marhum futbolchi 1982 yilgi jahon chempionatida Italiya terma jamoasi safida g‘alaba qozongan va musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi deb tan olingan. U klublar darajasida “Vichensa”, “Yuventus”, “Milan”, “Verona”, “Komo” uchun to‘p surgan.

12 dekabr Vichensada futbolchini oxirgi manziliga kuzatib qo‘yish uchun minglab odamlar to‘plandi. Dafn marosimidan oldin marhum futbolchining tobuti “Romeo Menti” stadioniga vidolashish uchun qo‘yildi. 

Italiyada 12 dekabrda o‘tgan futbol uchrashuvlari Rossi xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlandi. Bu vaqtda stadionlardagi ekranlarda Rossining surati va “Qahramonlar hech qachon o‘lmaydi!” hamda “Chao, Paolo!” yozuvlari aks etib turgan.  

Top