16:53 / 13.12.2020
9759
Xorazm viloyatida 100ta ko‘p qavatli uy qurish va ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi

Xorazm viloyati faollari bilan o‘tgan yig‘ilishda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar muhokama qilindi. Har bir shahar va tuman, mahallalarda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, «o‘sish nuqtalari» belgilandi.

Xususan, Urganch shahrida to‘qimachilik va turizm, Xiva shahrida turizm va qurilish materiallari, Gurlan tumanida to‘qimachilik va issiqxona xo‘jaligi, Yangibozor tumanida issiqxona va meva-sabzavotni qayta ishlash, Tuproqqal'a tumanida mashinasozlik va elektr texnikasi kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish mumkinligi qayd etildi. Shu yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish uchun har bir hududga vazirlik va banklar rahbarlari biriktirildi. Barcha loyihalar 16 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.

2021 yilda viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va ayollar bandligini oshirish maqsadlariga 500 milliard so‘m kredit resursi ajratilishi ma'lum qilindi.

«Xorazm uchun drayver sohalardan biri - turizm. Shu bois viloyatda mehmonxona o‘rinlarini ko‘paytirish, salohiyatli mamlakatlardan Urganchga doimiy va charter reyslar tashkil etish zarurligi ta'kidlandi. Ichki turizmni rivojlantirish uchun transport xizmatlarini yaxshilash, xususan, Farg‘ona vodiysidan avia va temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yib, buning dastlabki davrida 30 foizlik chegirma qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Keyinchalik bu tajriba Termiz, Samarqand va Buxoro shaharlari bo‘yicha ham qo‘llaniladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Amudaryo ustida Xorazmni Qoraqalpog‘iston bilan bog‘laydigan 413 metrlik ko‘prik, Qorao‘zak tumanidan Shovot tumanigacha 79 kilometrlik temir yo‘l qurilishi aytildi. Kelgusi uch yilda 2 ming 370 kilometr ichki yo‘llarni ta'mirlash vazifasi qo‘yildi.

Ijtimoiy masalalarga alohida e'tibor qaratildi. Kelgusi yili viloyat bo‘yicha 2 ming xonadonli 100ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etish, ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ta'lim, tibbiyot, madaniyat sohalarini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar belgilandi.

Prezident yig‘ilishda xorazmlik yoshlar bilan alohida suhbatlashdi. Har birini eshitib, takliflari bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

«Qiyin davrda, murakkab sharoitda yashayapmiz. Ana shu sharoitda har bir tuman, har bir mahallaning o‘z o‘rni, marralari bor. Xorazmning marrasi baland bo‘lishi kerak», - dedi davlat rahbari.

Top