00:52 / 14.12.2020
8176
Aleksey Navalniy Germaniyaga jo‘natilishdan oldin takroran zaharlangan – The Sunday Times
Foto: Facebook/Aleksey Navalnyy

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy avgustda zaharlangandan keyin yetkazilgan shifoxonada uni ikkinchi marta zaharlashga urinishgan. Bu haqda Britaniyaning The Sunday Times nashri xabar berdi.  

Navalniy 20 avgustda Tomskdan Moskvaga uchayotganda samolyotda mazasi qochgan. Muxolifatchi og‘ir ahvolda Omskdagi shifoxonaga yetkazilgan, 2 kun o‘tib esa davolash uchun Berlinga olib ketilgan. Shifoxonada muxolifatchiga moddalar almashinuvi buzilishi tashxisi qo‘yilgan.

Germaniya hukumati sentyabr boshida Navalniy “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini e'lon qilgan. 

Britan nashrining ta'kidlashicha, muxolifatchini Omskdagi shifoxonada ikkinchi marta zaharlashga urinishgan. Bu maqsadda Rossiya maxsus xizmatlari shifoxonaning bosh shifokori xonasida baza tashkil etgan. Bu haqda Britaniya maxsus xizmatlari xodimlariga germaniyalik hamkasblari ma'lum qilgan.

“G‘arb maxsus xizmatlaridagi manbalarning ma'lum qilishicha, davlat xavfsizlik idoralari xodimlari Navalniyni o‘ldirishga birinchi urinishdan keyin uni Berlindagi xavfsiz joyga yetkazishdan oldin ikkinchi doza zahar bilan yo‘q qilishga urinishgan”, deb ma'lum qilingan nashrda. 

Ta'kidlanishicha, bu urinish Navalniy Berlinga yo‘lda o‘lishini hisobga olib amalga oshirilgan. 

Maqolada ko‘rsatilishicha, muxolifatchini zaharlashga ikkala urinish ham Navalniyga “Novichok”ning antidoti – atropin moddasi kiritilgani sababli yo‘qqa chiqqan. Unga bu moddani Omsk aeroportidagi tibbiy yordam brigadasi kiritgan. Taxmin qilinishicha, atropin “Novichok” asab-falajlovchi moddasining ta'sirini yo‘qqa chiqargan, biroq Navalniyning koma holatini uzaytirgan.  

Nashr manbalarining taxmin qilishicha, Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari Navalniy mehmonxona xonasida bo‘lmaganda uning kiyimiga “Novichok”dan tomizib qo‘ygan bo‘lishlari mumkin. 

O‘z navbatida Omsk shifoxonasining o‘tkir zaharlanishlar bo‘limi boshlig‘i, Omsk oblasti va Sibir federal okrugining bosh toksikologi Aleksandr Sabayev britan nashridagi maqolaga izoh berdi. 

“Bizga hech bir tomondan hech qanday savol yuzaga kelmagan. Uning (Navalniy) yoniga tibbiy xodimlardan boshqa hech kim kirmagan. Bu ayblov boshidan oxirigacha uydirma. Birlamchi zaharlash ham, ikkilamchi zaharlash ham bo‘lmagan”, deb aytgan Sabayev. 

Mutaxassis ushbu axborotni muayyan maqsadlar bilan tarqatilayotgan uydirma deb atagan.

Avvalroq The New York Times nashri Navalniy mehmonxonada, so‘ngra aeroportdagi kafeda choy ichganda ikki marta zaharlangan bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligida bu ayblovlarga javoban muxolifatchining zaharlanishida sahnalashtirish alomatlari borligi aytilgan. Jumladan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov muxolifatchi Germaniyaga olib ketilayotganda samolyotda “Novichok” bilan zaharlangan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Top