22:05 / 14.12.2020
4797

AQShda koronavirusga qarshi emlash boshlandi

AQShda 14 dekabrda koronavirusga qarshi birinchi emlash o‘tkazildi. Pfizer va BioNTech kompaniyalarining vaksinasi Nyu-Yorkning Kuins tumanidagi shifoxona hamshirasi Sandra Lindsiga kiritildi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp e'lon qildi. 

Foto: AFP

Shu munosabat bilan Nyu-York shtati ma'muriyati tashkil etgan jonli efir vaqtida gubernator Endryu Kuomo “bu vaksina Nyu-Yorkda va ehtimol, AQShda qilingan birinchi vaksina” ekanini ta'kidlab o‘tgan. “Bu vaksina juda muhim, chunki, o‘ylashimcha, uning qo‘llanishi pandemiyaga qarshi urushning yakunlanishini boshlab beradi. Bu kitobning yakuniy bobidir”, deb aytgan Kuomo.

AQShda 11 dekabrda Pfizer va BioNTech vaksinasini qo‘llashga ruxsat berilgandi. Tegishli mutaxassislar vaksinaning samaradorligi ikkinchi dozasi kiritilgandan keyin 95 foizni tashkil qilishi tasdig‘ini olishgan. 

Bir kishiga ikki doza vaksina kiritish talab etiladi. Ular 21 kun oraliq bilan kiritiladi.  

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda dunyoda koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqish bo‘yicha 170ga yaqin loyiha amalga oshirilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top