10:01 / 14.12.2020
3146
AQShda koronavirusga qarshi vaksina bilan kimlar birinchi emlanishi ma'lum qilindi
Foto: Reuters

AQShda yuqori mansabdor shaxslar ustuvor tartibda koronavirusga qarshi birinchi bo‘lib emlanadilar. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, emlash taklif qilinadigan mansabdor shaxslar orasida prezident Donald Tramp va vitse-prezident Mayk Pens bo‘ladi

Oq uy huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi matbuot xizmati vakili Jon Elliotning ta'kidlashicha, 14 dekabrdan boshlab barcha yuqori mansabdor shaxslar, jumladan, Oq uyning ba'zi vakillari Pfizer va BioNTech kompaniyalarining vaksinasi bilan emlashdan o‘tadi.

Biroq Oq uyda oktyabrda koronavirusni boshdan o‘tkazgan Tramp emlanishi borasida aniqlik kiritilmagan. Bloomberg axborot agentligining manbalarga tayanib xabar berishicha, AQSh prezidentiga ustuvor tartibda emlanish taklif qilinadi. 

Shu bilan birga, AQShdagi prezident saylovlari g‘olibi Jo Bayden va uning jamoasi a'zolariga emlash taklif qilinishi yoki yo‘qligi noma'lum.

Ma'lumotlarga ko‘ra, AQSh rahbariyati barcha amaldorlar vaksinaning ikkilamchi ta'sirlarini bir vaqtda his qilmasliklari uchun 10 kun davomida emlanadi. 

AQSh ma'muriyatida ta'kidlanishicha, AQSh rahbariyatining birinchilardan bo‘lib emlanishi amerikaliklarni Pfizer va BioNTech vaksinasining xavfsiz ekaniga ishontiradi. 

“Amerika xalqi AQShning yuqori mansabdor shaxslari oladigan xavfsiz va samarali vaksinani olishiga ishonchi komil bo‘lishi lozim”, deb aytgan Elliot.

Avvalroq AQShdagi emlash dasturi Warp Speed’ga rahbarlik qilayotgan general Gustav Perna 14 dekabrdan AQShdagi emlash markazlariga Pfizer va BioNTech vaksinasi yetkazilishi boshlanishini ma'lum qilgandi. Ma'lumotlarga ko‘ra, emlashning ilk haftasi emlash markazlari orasida 2,9 mln doza vaksina taqsimlanadi, yil oxirigacha esa 40 mln amerikalikni emlash rejalashtirilgan. 

Top