16:48 / 14.12.2020
7186

OAVga ma'lumot bermaslik yoki noto‘g‘ri ma'lumot berganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilgan davlat amaldorlari jarimaga tortilishi mumkin. Tegishli qonun parlament fraksiyalarida ko‘rib chiqilmoqda.

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartish kiritish haqidagi qonun loyihasini muhokama qilmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ularning so‘rovi yuzasidan o‘zida mavjud ochiq axborotni taqdim etmaslik yoki noto‘g‘ri ma'lumot taqdim etganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilash ko‘zda tutilyapti.

Bundan tashqari, diffamatsiya (tuhmat va haqorat) bilan bog‘liq jinoyatlar tarkibiga yengillashtirish choralari kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro‘sizlantirishga qaratilgan yolg‘on axborotni ishonchli ma'lumot ko‘rinishida bila turib telekommunikatsiya, internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilanadi.

Amaldagi qonunchilikda bu turdagi harakat uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik bor. Taklif etilayotgan loyihada esa shaxs shunday harakatlari uchun muqaddam ma'muriy javobgarlikka tortilganidan keyin 1 yil davomida takroran sodir etsagina jinoiy javobgarlikka tortilishi nazarda tutilmoqda.

Shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro‘sizlantirishga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAV, telekommunikatsiya yoki internet tarmoqlariga joylashtirish orqali tarqatish BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi qayd qilinmoqda.

Shuningdek, zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi axborotni telekommunikatsiya va internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun birinchi marotaba ma'muriy, bir yil davomida takroran sodir etgani uchun jinoiy javobgarlik kiritilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top