20:49 / 14.12.2020
1919
«Men sportni tanlayman!» ijtimoiy videoroliklar taqdimoti o‘tkazildi

Bugun, 14 dekabr kuni Toshkent shahridagi Hilton mehmonxonasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi va Xalq ta'limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Bosh prokuratura akademiyasi hamkorligida «Men sportni tanlayman!» ijtimoiy motivatsion videoroliklar taqdimoti o‘tkazildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, videolavhalar UNODC'ning Doxa Deklaratsiyasini amalga oshirish bo‘yicha global dasturining komponenti bo‘lgan «Sport orqali yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish» tashabbusi doirasida ishlab chiqilgan.

Ma'lum qilinishicha, olimpiya o‘yinlari g‘oliblari ijobiy o‘rnak sifatida ishtirok etadigan videolavhalarda yoshlarning sportga jalb qilinishi sog‘lom turmush tarzi va sportni targ‘ib qilish orqali jinoyatchilik, zo‘ravonlik va giyohvandlikning oldini olishda muhim vosita hisoblanadi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Farrux Omonovning aytishicha, bu roliklar taqdimoti BMT agentliklari bilan hamkorlikda tashkil qilinayotgan katta loyihaning bir qismi xolos.

«Farg‘ona vodiysida yoshlar uyg‘unligi» loyihasi BMTning 3 ta agentligi hamkorligida amalga oshirilayotgan 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan juda katta loyiha.

Loyiha doirasida Farg‘ona vodiysidagi yoshlarning turli yo‘nalishdagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Bular yoshlarning tadbirkorligi va bandligini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga oid davlat siyosatining hududlardagi ijrosi masalasi va yoshlarning IT sohasidagi savodxonligini oshirishga doir dasturlardir.

Bugungi videoroliklar ham ana shu loyihaning kichik, lekin dolzarb yo‘nalishi. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va ularning kuchidan samarali foydalanib, hayotga to‘g‘ri yo‘naltirish va qo‘llash orqali jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga yordam qilish.

Yoshlarimiz bugun vizual ko‘rinishdagi ma'lumotlarni yaxshiroq qabul qilishadi. Bu loyihaning maqsadi ham shundan iborat. O‘ylaymizki bunday loyihalar yoshlarimizga manzur keladi va biz bu yo‘nalishdagi ishlarimizni davom ettiramiz”, - deydi agentlik vakili.

Top