08:01 / 14.12.2020
45532

Yunusobod tumanida IIBB xodimlari va fuqarolar ishtirokida ziddiyat yuzaga keldi 

Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil ichidan guvoh tomonidan tasvirga olingan video tarqaldi, unda fuqarolar va ichki ishlar organlari xodimlari orasidagi kelishmovchilik aks etgan.

Videodan kadr

Toshkent shahar IIBBning ma'lum qilishicha, 13 dekabr kuni taxminan soat 15:00larda Yunusobod tumani IIO FMB 5-son ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorlari podpolkovnik Sh. Alimqulov va kapitan D. Majidovlar “Universam” savdo kompleksi yaqinidagi yerosti yo‘lagida noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchi va bu bilan boshqa fuqarolar uchun noqulayliklar tug‘diruvchi shaxslarga nisbatan chora ko‘rish haqidagi ko‘plab murojaatlardan so‘ng voqea joyiga yetib kelib, yerosti yo‘lagida savdo mollarini terib qo‘ygan ayol, erkak va yigitni ko‘rishgan. 

“Mazkur shaxslar noqonuniy savdoni to‘xtatib, savdo mollarini yig‘ishtirish va yo‘lakni fuqarolar uchun bo‘shatish to‘g‘risidagi ogohlantirishlarga rad javobini berishdi. Savdo qoidalarini buzganlik uchun qonun bilan belgilangan javobgarlik haqidagi ogohlantirishlarga ayol va erkak qo‘pol tarzda javob berib, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlarini aytdilar. 

Bundan tashqari, ular janjal ko‘tarib, atrofdagilarning e'tiborini tortishdi, ularning o‘g‘li bo‘lgan yigit esa xizmat burchlarini ado etayotgan ichki ishlar organlari xodimlari bilan mushtlashmoqchi bo‘ldi. Voqea joyiga patrul-post xizmati xodimlari yetib kelishganda ham yigit huquqbuzarlikni bas qilmasdan, patrul-post xizmati xodimini yuziga urgan. Shu sababli, xodimlar yigitning qo‘llariga kishan solishga majbur bo‘lishgan va uch nafar tartibbuzar shaxsini aniqlash va keyingi surishtiruvlar uchun 5-son IIBga olib ketilgan”, - deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, yerosti yo‘lagida noqonuniy savdo qiluvchi shaxslar tomonidan kelib chiqqan tartibbuzarlik va noqulayliklardan norozi bo‘lgan o‘ndan oshiq hodisa guvohlari ko‘rsatma berish maqsadida ichki ishlar bo‘limiga ixtiyoriy ravishda yetib kelgan. Huquqbuzarlar – Navoiy viloyatidan bo‘lgan 43 yoshli A. va 42 yoshli X.T. hamda ularning o‘g‘li 19 yoshli A.X. ekanligi aniqlangan.

Shuningdek, ma'lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ichki ishlar organlari xodimlarining jamoat tartibini buzishni bas qilish haqidagi talablariga bo‘ysunmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan A.X.ning qo‘lga olinishi tasvirga tushgan. Yerda yotgan ayol, 42 yoshli X.T. savdo mollari sumkasining ustiga yotib, xodimlar uni ichki ishlar bo‘limiga olib ketishiga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. 

Hodisa yuzasidan tergovoldi tekshiruvi o‘tkazilayotgani aytiladi.

Mavzuga oid
Top