23:23 / 15.12.2020
12246

Erdo‘g‘an g‘arb davlatlarining Turkiyaga qarshi kiritgan sanksiyalariga munosabat bildirdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Yevropa ittifoqi va AQSh tomonidan Turkiyaga qarshi sanksiyalar kiritilishiga munosabat bildirdi. Uning ta'kidlashicha, Yevropa ittifoqi sanksiyalar kiritishi emas, balki Anqaraga bergan va'dalarini bajarishi, AQSh esa terrorchi guruhlarga qarshi kurashda ko‘mak ko‘rsatishi lozim.

Foto: Anadolu Agency

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Turkiya nafaqat mamlakat ichida, balki butun mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash uchun kurash olib bormoqda. Biroq bu Anqara o‘z huquqlari buzilishi va suverenitetiga raxna solinishiga ijozat berishini anglatmaydi.

“Turkiya Yevropa ittifoqidan sanksiyalarni emas, balki ittifoqda to‘laqonli a'zolik haqidagi va'dalar bajarilishini kutib qoladi. Shuningdek, biz NATO bo‘yicha hamkorimiz AQShdan ham sanksiyalar emas, balki terrorchi guruhlar va mintaqadagi vaziyatni izdan chiqarishga urinayotgan kuchlarga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlov kutib qolamiz”, deb aytgan Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, hozirda dunyo davlatlari global iqtisodiyotda tarixga kiradigan davrni boshdan kechirmoqda. Shu sababli, Turkiya iqtisodiyoti har qanday sinovlar, yangi imkoniyatlar va turli ssenariylarga tayyor.  

Erdo‘g‘an, shuningdek, Tog‘li Qorabog‘ haqida o‘z fikrlarini aytgan. “Tog‘li Qorabog‘dagi g‘alaba bilan Kavkazda yangi davr boshlandi. Bu g‘alabadan keyin mintaqada yangi status-kvo yaratiladi, unda ixtilof tinchlikka, keskinlik hamkorlikka, adovat yaxshi qo‘shnichilikka aylanadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Turkiya prezidenti.  

Shuningdek, Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar ham AQSh kiritgan sanksiyalarga izoh bergan. Uning ta'kidlashicha, NATOga a'zo davlatga bunday sanksiyalarning kiritilishi nafaqat alyans doirasidagi hamkorlikka zarba beradi, balki ittifoqdosh davlatlar o‘rtasidagi ishonchga tamoman putur yetkazuvchi qadamdir.

Akar Turkiya va AQShning yaqin hamkorligi Koreya urushidan beri davom etib kelayotganini eslatib o‘tgan. 

Avvalroq Yevropa ittifoqi yetakchilari Anqara Sharqiy O‘rta yer dengizida noqonuniy burg‘ilash ishlarini olib borayotgani uchun Turkiyaga sanksiyalar kiritgan.

AQSh esa Turkiya Rossiyadan S-400 majmualarini sotib olgani bilan bog‘liq holda Turkiya mudofaa sanoati kotibiyati va uning rahbari Ismoil Demirga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.

Top