21:53 / 15.12.2020
25310
«Jahon bozorida ming kubi 150 dollarlik gazni aholiga 38 dollardan sotyapmiz» - vazir o‘rinbosari bozor mexanizmlariga o‘tilishi haqida gapirdi

Oliy Majlis Senati kengashining 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida hisobot bergan Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov ayni paytda energoresurslar narxlari subsidiya qilingani, jahon bozorida ming kubi 150 dollardan sotilayotgan gazni aholiga 38 dollardan yetkazib berilayotgani, O‘zbekiston 2025 yildan to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tishni boshlashi haqida gapirdi.

Senat a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, hududiy studiyalardan mas'ul hokimlar va ularning o‘rinbosarlari hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan majlisda aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir bilan ta'minlash holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2020 yilda jami elektr energiyasi resurslari 71,1 mlrd. kVt soat, shundan ishlab chiqarish 65,9 mlrd. kVt soat import 5,2 mlrd. kVt soatni tashkil qilgan. Joriy yil oxirigacha tabiiy gaz iqtisodiyot tarmoqlariga 28,4 mlrd. kub metr, aholiga 11,4 mlrd. kub metr gaz yetkazib berilishi, shuningdek, suyultirilgan gaz hajmi 543,4 ming tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgan.

«Rivojlangan davlatlarni ko‘radigan bo‘lsak, Germaniyada gaz yo‘q (gaz konlari – tahr.), Yaponiyada gaz yo‘q, Koreyada ham gaz yo‘q. Nima uchun o‘sha chet el davlatlarida yaxshi yetkazib beradi, deyapsiz. Chunki birinchidan infratuzilma bor, bozor iqtisodiyotiga bizdan ancha avval o‘tgan. Masalan, Angliyada, adashmasam, 1918 yildan gazlar birjada sotiladi.

Behzod Normatov

Xalqaro moliya institutlari bilan ishlayapmiz, to‘g‘risini aytishimiz kerak, tariflarimiz subsidiya qilingan. Jahon bozorida gazning ming kubi 150 dollardan sotilayotgan hozirgi paytda aholiga bu hajmdagi gazni o‘ttiz sakkiz dollardan (1 kubi 3,8 sent) yetkazib beryapmiz. Yana bir muammo bor, bularni o‘z vaqtida moliyalashtirish», deya Behzod Normatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri (Videoda vazir o‘rinbosari adashib o‘ttiz sakkiz sent deb yuborgan — tahr.).

Senat raisi uning so‘zlarini bo‘lib, aniqroq javob berishini, odamlarning qiynalmasligi uchun qancha muddat kerakligini so‘radi.

«Mana, hozirda qisqa muddatli choralarni ko‘radigan bo‘lsak, balansni hisoblayotganimizda keyingi yilga aholiga 1,6 mlrd kub metr gaz yetkazib berishni mo‘ljalladik. Bitta qisqa raqamni aytaman - kunlik reja avvalgi yilga nisbatan 21 mln kub metr [ko‘p], oldingi yil 9 dekabr kuni 83,3 mln kub metr gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, bu yil shu kuni 104,7 [kub metr gaz] yetkazib berildi. Shunda ham yetmayapti. Bu degani gaz yetkazib berishda emas, tizimli muammolar mavjud degani», degan vazir o‘rinbosari.

Normatov vazirlik tomonidan ayni paytda ushbu muammolarni hal qilish ustida ish olib borilayotganini ta'kidlagan. U bu yil elektr energiyasi oldingi yilga nisbatan 26 mln kilovatt/soat ko‘proq (kuniga) yetkazib berilayotgani, lekin shunda ham yetmayotganini ta'kidlagan.

Tanzila Norboyeva

Yig‘ilish davomida Senat raisi Tanzila Norboyeva vazir o‘rinbosarini so‘roqqa tutgan. «Siz manfaatdor vazirliksiz, to‘g‘rimi, mana shuni yetkazib berishga manfaatdorsiz. Odamlar norozi bo‘lmasligidan manfaatdorsiz, to‘g‘rimi gapim, lekin joylarda o‘g‘rilik bo‘lyapti, korrupsion holatlar bo‘lyapti, tadbirkorlar tomonidan ham behisob ishlatilyapti, to‘g‘rimi?

Sizning quyi tizimingiz odami o‘sha pulni olib, tadbirkordan bemalol hisoblagichsiz yoqyapti. Mana shu tizimni qachon to‘g‘rilaymiz?», degan u.

Vazir o‘rinbosari 5 yil ichida kerakli islohotlar amalga oshirilib, 2025 yildan O‘zbekistonda ham to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tilishi boshlanishi mo‘ljallanganini ma'lum qildi.

«ASKUE (elektr energiyasi hisobini avtomatik nazorat qilish) tizimi yil oxirigacha 100 foiz bo‘ladi. ASKUG (gaz ta'minoti hisobini avtomatik nazorat qilish) tizimini to‘liq o‘rnatib bo‘lish keyingi yilning iyul oyiga mo‘ljallangan. Ya'ni 2021 yilda bizda 2022 yilga rejalashtirish uchun ko‘proq aniq ma'lumotlar yig‘ish imkoni bo‘ladi. O‘zimiz islohotlarni belgilaganimizda xalqaro moliya institutlari bilan to‘la-to‘kis bozor iqtisodiyotiga o‘tish va energiya resurslari birjalarini yaratishni yakunlash, ya'ni qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish, normativ hujjatlar ishlab chiqish va hamma mexanizmlarni yaratish 2025 yilga mo‘ljallangan.

Turkiyada bu ishga 15 yil ketgan bo‘lsa, bu narsani biz 5 yilda amalga oshirmoqchimiz. Buning uchun biz boshqa davlatlarda shu islohotlarni olib borgan mutaxassislarni jalb qilgan holda ular qilgan xatolarni qaytarmaslik, kamchiliklarning oldini olgan holda o‘zimizga 15 yil emas, 5 yil belgilab olganmiz. Bu haqda ma'lumotga kiritildi, 22 oktyabr kuni Toshkentda davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Jahon mutaxassislari va vazirliklar, korxonalar bilan birgalikda. U yerda ham shu narsa muhokamasi bo‘ldi. 2025 yilda bu sohada islohotlar tugatiladi. Bu degani o‘shangacha biz hamma islohotlarimizni bozor iqtisodiyotiga o‘tishimizni belgilab olganmiz.

Lekin hali aytib o‘tganimdek, 2021 yilda raqamlashtirishning asosiy qismi tugagandan keyin bizda aniq kartina hosil bo‘ladi, qayerda nima kamchiligimiz bor, qayerga yetkazib berilyapti, qayerda xatolik bor, qayerda o‘g‘rilik bor.

Kerak bo‘lsa rejaga o‘zgartirish kiritib, menimcha, 2021 yilda katta o‘zgarish bo‘ladi. Mana, o‘zimizda ko‘proq hajmlarni olganmiz, 2022 yilga borib bu muammolar haqida o‘ylamasligimiz ham kerak bo‘ladi. 2022 yilning balansi yangicha yondashuv, yangicha metodologiya bo‘yicha hisoblab chiqsa, qo‘limizdan kelgan imkoniyatlarni ishlatib, bu narsani bartaraf qilishga harakat qilamiz.

O‘zimizda bu narsani 2021 yilga ham qo‘yganmiz, men ochiq-oydin aytyapman, 2021 yilda raqamlashtirish to‘la-to‘kis oxiriga yetadigan bo‘lsa, bizda aniq ma'lumotlar bo‘ladigan bo‘lsa, 2021 yildan 2022 yilga o‘tadigan kuz-qish mavsumiga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lamiz», dedi Behzod Normatov.

Yig‘ilishni olib borgan Senat raisi mutasaddining bergan javobidan qoniqmadi. U tizimdagi qator muammolarni sanab, vazirlikdagi mutasaddilar ularni hal qilish bo‘yicha yetarlicha ish qilmayotganini ma'lum qilgan.

«Bu yil shunday o‘taveradimi? Hisoblagichlar o‘rnatilmayotganida ham manfaatdorlik bor bilasizmi? Shuni o‘rnatib qo‘ysa, o‘g‘rilik bo‘lmaydi-da! Nazorat kuchayadi, kim qancha ishlatganligi bilinadi. Shuning uchun uni o‘rnatmaslikka harakat qilishadi. Atay uzib qo‘yayotganlar ham bor. Shuni kim nazorat qiladi? Sizning pastdagi tizimingiz.

Hozir senatorimiz aytdilar, hammasi tarqoq, har xil tizimlar bo‘ldi, to‘g‘rimi, reforma, lekin ularning orasida hamkorlik, muvofiqlashtirish yo‘q vazirlik tomonidan. Xodimlarning mas'uliyati yo‘q. Hududiy boshqarmalarda mas'uliyat yo‘q. Shuni siz qilishingiz kerak, shunda islohotlaringizning qanchadir foizini amalga oshirguningizcha, qanchadir muammolarni hal qilgan bo‘lamiz. O‘g‘riliklarni yo‘q qilamiz. Shuni qilmayapsizlar-da. Buni qanday tushunish kerak, bilmadim», degan Tanzila Norboyeva.

Eslatib o‘tamiz, kunlar keskin sovib, aholining svet-gaz ta'minotidagi uzilishlar yuzasidan shikoyatlari ko‘paygani ortidan Farg‘ona vodiysida energiya muammosini o‘rganish maqsadida Senat ishchi guruhi tuzilgan, o‘rganish davomida tizimdagi ko‘plab muammolar yuzaga qalqib chiqqandi.

Top