08:17 / 15.12.2020
6697
Mamlakatdan ko‘chib ketayotgan pensionerlarga pensiya qay tartibda to‘lanishi ma'lum qilindi

Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi mamlakat hududida bir joydan boshqa joyga ko‘chgan, xorijga doimiy yashash uchun ketgan fuqarolarga pensiya to‘lash tartibi haqida ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, pensiya oluvchi shaxs O‘zbekiston doirasida doimiy yashash uchun boshqa tuman (shahar)ga ko‘chgan taqdirda, manzil-koloniyalarda jazo o‘tayotganda yoki manzil-koloniyadan ozod etilganda, pensiya hujjatlar yig‘majildi pochta orqali pensionerning yangi yashash joyi yoki manzil-koloniya joylashgan yerdagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga yuboriladi yoxud pensionerning qo‘liga beriladi.

Pensiya oluvchi shaxs bir tuman (shahar) hududida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida boshqa tuman (shahar)ga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganda, pensiya avvalgi yashash joyi bo‘yicha shaxs ro‘yxatdan chiqarilgan oyning oxirigacha to‘lanadi.

Ushbu holatda pensiyani to‘lash pensiya hujjatlar yig‘majildi olingandan keyin pensiya oluvchi shaxsning yangi yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan davom ettiriladi. Bunda pensiyani to‘lash uning oldingi yashash joyi bo‘yicha pensiyani to‘lash to‘xtatilgan vaqtdan boshlab, biroq u hisobga qo‘yish maqsadida murojaat etganidan oldingi o‘n ikki oydan oshmagan davr uchun davom ettiriladi.

O‘zbekiston pensiya ta'minoti to‘g‘risida xalqaro shartnomalar tuzgan O‘zbekiston tashqarisidagi davlatga doimiy yashash uchun ketilgan kungacha tayinlangan pensiya turar joyidan ro‘yxatdan chiqqan oyning oxirigacha to‘lanadi.

O‘zbekiston tashqarisiga doimiy yashash uchun ketayotgan fuqarolarga pensiyani to‘lash uning arizasi va «Doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqarildi» degan belgi bo‘lgan shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida to‘xtatilishi mumkin.

Doimiy yashash uchun O‘zbekiston tashqarisiga ketishgacha tayinlangan pensiya (O‘zbekiston pensiya ta'minoti to‘g‘risida xalqaro shartnomalar tuzgan davlatlar bundan mustasno) Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ketish to‘g‘risida ariza berilgan kundagi pensiya miqdori hisob-kitobidan kelib chiqib O‘zbekiston tashqarisiga jo‘nab ketishdan 6 oy avval milliy valutada to‘lanadi.

Pensiya to‘lanadigan olti oylik davr O‘zbekiston tashqarisiga doimiy yashash uchun ketishdan avvalgi olti oy uchun pensiya to‘lash uchun arizada ko‘rsatilgan sanadan boshlab hisoblab chiqiladi, bunda ariza berilgan oyda hisoblangan (to‘langan) pensiya puli hisobga olinadi.

Olti oy avval pensiya:

ariza, fuqaroning shaxsini tasdiqlaydigan O‘zbekiston fuqarosi pasporti asosida, unda «Doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqarildi» degan belgi hamda ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining doimiy yashash uchun ketish to‘g‘risidagi stikeri, ketish varaqachasi, shuningdek u borish niyatida bo‘lgan xorijiy davlatning vizasi (agar bu zarur bo‘lsa) bo‘lganda — O‘zbekiston fuqarosiga;

ariza, chet ellik uchun istiqomat uchun berilgan guvohnoma asosida, unda «Doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqarildi» degan belgi, shuningdek xorijiy davlatning vizasi (agar bu zarur bo‘lsa) bo‘lganda — xorijiy fuqaroga;

ariza, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasi asosida, unda «Doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqarildi» degan belgi hamda ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining doimiy yashash uchun ketish to‘g‘risidagi stikeri, shuningdek u borish niyatida bo‘lgan xorijiy davlatning vizasi (agar bu zarur bo‘lsa) bo‘lganda — fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga to‘lanadi.

Olti oy avval pensiya to‘lash pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot orqali bir martalik vedomost asosida, shuningdek tijorat bankining filialida pensionerning nomiga ochilgan bank hisob raqamiga naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Olti oy avval pensiya to‘lash pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilotga moliyalashtirilgan pensiya mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Olti oy avval to‘langan pensiya summasini O‘zbekiston qonun hujjatlariga muvofiq pensiya to‘langan davrda pensiyalar miqdorlari o‘zgarganligi munosabati bilan qayta hisob-kitob qilish amalga oshirilmaydi.

Agar shaxs olti oy avval pensiya to‘langandan keyin doimiy yashash uchun O‘zbekiston tashqarisiga ketmagan taqdirda, unga pensiya to‘langan olti oylik davr tamom bo‘lgandan keyin pensiyani navbatdagi to‘lash uchun murojaat qilgan taqdirda pensiya to‘lanishi mumkin.

Top