15:21 / 15.12.2020
4935
Nigerda terrorchilar 800ta uyga o‘t qo‘yib, 30ga yaqin kishini o‘ldirdi

Diffa gubernatori Issa Leminening so‘zlariga ko‘ra, hujumni Boko haram jangarilari amalga oshirgan. Mamlakatda uch kunlik motam e'lon qilindi.

Foto: dw.com

Niger janubi-sharqidagi Diffa regionida joylashgan Tumur qishlog‘iga Boko haram ekstremistik guruhi a'zolari hujum qilib, 800ta uyga o‘t qo‘ydi va 28 nafar tinch aholi vakilini o‘ldirdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

"O‘n kishi otib o‘ldirilgan, 14 kishi yong‘in oqibatida halok bo‘ldi, to‘rt kishi cho‘kib ketgan va 100ga yaqin inson yaralandi", - dedi hukumat rasmiy vakili Abdurahmon Zakariyo.

Diffa gubernatori Issa Leminening so‘zlariga ko‘ra, hujumni Boko haram jangarilari amalga oshirgan.

Agence France-Presse agentligining xabar qilishicha, terrorchilar uch daqiqalik videolavhasida ushbu jinoyat uchun javobgarlikni o‘z zimmalariga olishgan.

Mamlakatda uch kunlik motam e'lon qilindi.

Boko haram 2002 yilda tashkil topgan. Uning a'zolari Chad havzasi atrofidagi aholi va harbiy obektlarga tez-tez hujum uyushtirib turishadi.

Top