08:45 / 15.12.2020
9568
Profilaktika inspektorini kafeda do‘pposlagan shaxslar qamoqqa olindi
Foto: O‘ZBeKISTON ReSPUBLIKASI IChKI IShLAR VAZIRLIGI

2020 yilning 29 noyabr kuni tungi soat 01:00larda Guliston shahar IIO FMB 3-son IIB navbatchilik qismining Bahor mahallasi Toshkent yo‘li ko‘chasida joylashgan “Safina” nomli kafeda janjal bo‘layotganligi haqidagi xabariga asosan, ushbu mahalla profilaktika inspektori voqea joyiga yetib borgan. 

Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, profilaktika inspektori Guliston shahar IIO FMBda ma'muriy nazoratda turuvchi, “Safina” kafesi ish yurituvchisi bo‘lib ishlovchi fuqaro D.S. hamda uch nafar notanish shaxs birgalikda spirtli ichimlik iste'mol qilib o‘tirganligini ko‘rib, ma'muriy nazorat ostida turgan D.S.ning ma'muriy nazorat qoidalarini buzib, spirtli ichimlik iste'mol qilib o‘tirganligi sababli ular o‘tirgan joyni o‘zining telefon apparati bilan fotosuratga olib, holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirish uchun ularga 3-sonli IIBga borishni taklif qilgan.

Shu vaqtda, uning oldiga mast holatda bo‘lgan fuqaro K.L. hamda ma'muriy nazorat ostida bo‘lgan D.S. kelib, birgalikda xodimga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib, ikkalasi profilaktika inspektorining bosh, yuz qismi va badanining turli joylariga urib-tepib tan jarohati yetkazishgan hamda profilaktika inspektorining telefon apparatini olib, yerga urib sindirib, yaroqsiz holatga keltirishgan.

Mazkur holat yuzasidan Guliston shahar prokuraturasi tomonidan fuqarolar K.L. va D.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida qamoqqa olingan.

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Top