17:38 / 15.12.2020
6499
Toshkent ko‘chalarida tirbandliklarni kamaytirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda

Toshkent shahrining transport tizimini yangilash bo‘yicha turkiyalik hamkorlar bilan ish olib borilmoqda, deb ma'lum qildi poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev.

Uning ma'lum qilishicha, shaharning Usmon Nosir, Shahrisabz va Navoiy ko‘chalaridagi 24 ta chorrahada tirbandliklar aynan qaysi paytda bo‘lishi o‘rganilgan. Bu chorrahalarda soat 8:15dan 9:15gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida eng ko‘p tirbandlik kuzatilishi aniqlangan.

Bu muammoni hal qilish bo‘yicha chorrahalar arxitekturasi va svetoforlar fazasini o‘zgartirish ko‘zda tutilgan konsepsiya ishlab chiqilmoqda.

Svetofor fazalarini o‘zgartirish orqali transport vositalarining to‘xtab turish vaqtini 66 sekunddan 34 sekundgacha kamaytirish maqsad qilingan.

«Jarayonlarni modellashtirish orqali chorrahalarning o‘tkazuvchanlik darajasi oshiriladi va tirbandliklarga barham beriladi. Bitta chorrahadagi muammoni hal qilgan bilan u yerdagi tirbandlik keyingi chorrahaga ko‘chishi mumkin, shu sababdan 24 ta chorraha bitta koridor qilib belgilangan, muammo umumiy bartaraf etiladi», – ta'kidladi Anvar Jo‘rayev.

Uning aytishicha, turk ekspertlari bilan tuzilgan shartnomaga asosan 24 ta yo‘nalish bo‘yicha 3 yil davomida ish olib boriladi. Bu yo‘nalishlardan biri – yo‘l belgilaridir.

«Maxsus uskuna yordamida yo‘llarimizdagi belgilar to‘g‘ri o‘rnatilishi, yetarliligi, dunyo standartlariga javob berishi o‘rganib chiqilmoqda. 10 km atrofida yo‘l tahlil qilinganda 86 ta yo‘l belgisi borligi ma'lum bo‘ldi. Vaholanki, jahon standarti asosida shaharning buncha masofadagi yo‘lida 255 ta yo‘l belgisi bo‘lishi kerak.

Yo‘l qoidalari buzilmasligi, yo‘lovchilar manzilda adashmasligi uchun kerak bo‘ladigan bunday belgilar uch baravar kamligi ko‘rinib turibdi», – dedi Transport boshqarmasi boshlig‘i.

«Toshshahartransxizmat» AJ ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yilda poytaxtdagi 152 ta yo‘lovchi tashish transport yo‘nalishlari qayta ko‘rib chiqilib, shundan 43 tasi maqbullashtirilgan; 32 ta avtobus yo‘nalishlar masofasi qisqartirilib, 11 tasi yopilgan; 2 ta yangi yo‘nalish ochilgan. Optimallashtirish ishlari davom etmoqda.

Top