12:54 / 15.12.2020
6466

Yer kodeksining 8ta moddasi bugungi kun talablariga javob bermasligi ma'lum qilindi

Amaldagi Yer kodeksida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish, yer uchastkalari xususiy mulkdorlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, yer uchastkalari bilan bog‘liq zararlarni qoplash bo‘yicha normalar mavjud emas. O‘tgan 22 yil davomida kodeksning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilmagan. 

Bu haqda 14 dekabr kuni Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida Yer kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi muhokamasida ma'lum qilindi. 

Parlament xabariga ko‘ra, tadbirda ishlab chiqilgan yangi hujjat loyihasining ahamiyatli jihatlariga to‘xtalib o‘tildi.  

Xususan, amaldagi Yer kodeksida 8ta modda bugungi kun talablariga javob bermasligi sababli loyihadan chiqarilgan, qolgan barcha moddalarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Yangi tahrirdagi qonun loyihasi yer munosabatlarini tartibga solish sohasidagi, yerga oid asosiy tushunchalarni yoritib beruvchi alohida yangi modda bilan to‘ldirilmoqda.

Loyihada yer fondi toifalari soddalashtirilishi bilan birga, davlat yer kadastri sohasidagi munosabatlar, jumladan, yer uchastkasini kadastr raqamlash, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yerlar miqdori va sifat ko‘rsatkichlarini hisobga olish, ular qiymat bahosini aniqlash masalalarining huquqiy asoslari aks ettirilmoqda.

Tuman (shahar) yer kadastri daftari va navbatchi yer kadastri xaritasini yuritish, yer resurslari holati to‘g‘risidagi milliy hisobotni tayyorlash va davlat yer kadastri hujjatlari yuritish sohasida Davergeodezkadastr qo‘mitasining vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida sug‘oriladigan yerlardan oqilona va samarali foydalanishni ta'minlash, sanoat, transport, telekommunikatsiya, mudofaa hamda boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, ommaviy dam olish maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar tarkibi, o‘rmon, suv va davlat zaxira fondlari yerlaridan foydalanish xususiyatlari aks etmoqda.

Top