16:47 / 16.12.2020
6381

«Hududgazta'minot» raisi: Toshkentda kunlik gaz iste'moli hajmi 70 foizgacha ortib ketdi

«Hududgazta'minot» AJ raisi Bahodir Eshmurodov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda havo haroratining sovishi bilan hududlarda gaz bosimining pasayishi haqidagi savollarga javob berdi.

«17 noyabrdan boshlab yurtimizda havo haroratining keskin tushishi kuzatildi. Harorat me'yordan 12-15 darajagacha past bo‘ldi. Odatda hajm belgilanganda me'yoriy nuqtalar: iste'molchilar soni, hajmi va me'yoriy havo harorati inobatga olinadi.

Havo harorati me'yordan pastga tushgani sababli iste'mol keskin oshib ketdi. 2019 yilning shu davri bilan solishtirsak, qariyb 30-33 foizga oshdi. Isitish uskunalarini ishga tushirish boshlanadi. Quvurlarda esa o‘tkazish quvvati mavjud, shuning hisobiga ayrim hududlarda, ayniqsa oxirgi iste'molchi bo‘lgan yoki iste'mol katta bo‘lgan hududlarda bosim pasayib ketdi», dedi Bahodir Eshmurodov.

Shuningdek, bunday hollarda texnologik rejimni tez o‘zgartirish kerak bo‘lishi aytib o‘tildi.

«Misol uchun, Toshkent shahri 17 noyabrgacha 10 mln kubometr iste'mol qilayotgan bo‘lsa, 19 noyabrdan 17 mln kubometrga ko‘tarilib, aholi iste'moli 70 foizga ortdi. Buxoro, Qashqadaryo hududidan yoki respublika shimolidan keladigan gaz masofani o‘tash uchun vaqt talab qiladi. Tabiiy gazning harakatlanish tezligi 20 km/soat. Iste'mol ortganda zaxiradagi gaz yetib kelguncha ayrim hududlarda uzilishlar bo‘ldi. Lekin 2-3 sutkada bu jarayon normallashdi, chunki konlardan, yerosti gaz saqlash inshootlaridan chiqqan gaz yetib kelishni boshladi. Tizimdayam kerakli ishlar amalga oshirildi.

Toshkentga 4ta nuqtadan gaz yetkazib beriladi: bular 3ta magistral quvurga ulangan. Bularning gaz yetkazib berish rejimi har xil. Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Sergeli tumanlari Janubiy-g‘arbiy gaz taqsimlash stansiyasidan; Bektemir, Yakkasaroy, Mirobod tumani iste'molchilari Bektemir va Binokor stansiyalaridan; Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod tumani aholisi sharqiy gaz taqsimlash stansiyasidan olishadi. Bu yagona halqa bo‘lib, havo harorati tushishi bilan uni muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda», dedi «Hududgazta'minot» AJ boshqaruvi raisi.

Top