15:31 / 16.12.2020
1453
Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga 4000 dona ekspres-test to‘plamlarini taqdim qildi

Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sebastyan Yu tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga 4000 dona ekspres-test to‘plamlari taqdim qilindi. Vazirlik nomidan ularni vazir o‘rinbosari Shohrux Sharahmetov qabul qilib oldi.  

«Ekspress-testlar organizmga tushgan koronavirusga nisbatan immun tizimining kurashish qobiliyatini aniqlash imkonini beradi, bunda kasallik jarayonining kechuv davri, organizmning virusga qarshi qanday kurashayotgani va hosil qilingan immunitet tanachalari baholanadi. Bu usul insonning qon namunasi orqali tekshiriladi. Mazkur testlar yurtimiz aholisi orasida koronavirus infeksiyasini tezda aniqlab, uni barvaqt davolash imkonini beradi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

KOFIH — Koreya Respublikasining sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi tashkilot bo‘lib, sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari, ya'ni chet davlatlarda sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun beg‘araz loyihalar bilan shug‘ullanadi. 

Hozirgi kunda KOFIH 20dan ortiq mamlakatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ular orasida O‘zbekiston ham bor. Jamg‘arma hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan mamlakatlar turli ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirib keladi. Ularning asosiy qismini  birinchi tibbiy yordam, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ijtimoiy masalalar tashkil etadi. 

Ana shunday loyihalardan biri KOFIH malaka oshirish dasturi doirasida 2007 yildan boshlab O‘zbekistondan 60dan ortiq shifokor Koreya Respublikasining yetakchi oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirib qaytgan.

KOFIH Bolalar milliy tibbiyot markazini tashkiliy ishlariga va boshqaruv faoliyatiga ko‘maklashib kelmoqda. Markazda shoshilinch tibbiy yordam xizmatlari va bachadon bo‘yni saratoniga qarshi kurash loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top