10:11 / 16.12.2020
2161
Londonda COVID-19 bo‘yicha cheklovlarning maksimal darajasi joriy qilindi 

Shahar meri Sodiq Xonning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar «biznes uchun umidsizlikni keltirib chiqarmoqda», ammo COVID-19’ga qarshi emlash boshlangan bir paytda «bundan ham ko‘proq odamni yo‘qotish fojia bo‘ladi».

Foto: Getty Images

16 dekabr kunidan boshlab Buyuk Britaniya poytaxtida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq cheklov choralarining uchinchi, maksimal darajasi amal qiladi. Shahar meri Sodiq Xonning 14 dekabr kuni e'lon qilingan bayonotida aytilishicha, kasallanish holatlarining ko‘payishi sababli joriy etilayotgan to‘liq lokdaun biznes va odamlar uchun og‘ir zarba bo‘ladi.

«London biznesi va iqtisodiyotimiz uchun yangi yilda yana bir lokdaunning joriy etilishi yomon bo‘ladi. Shuning uchun men londonliklarni hukumat o‘rnatayotgan uchinchi darajadagi qoidalarga qat'iy rioya qilishga chaqiraman, shunda biz kasallanish darajasini nisbatan kamaytirishimiz mumkin», - dedi Xon. 

Yangi cheklov choralari umumiy ovqatlanish muassasalari: bar, kafe va restoranlarga ta'sir ko‘rsatadi. Ularga mijozlarni qabul qilish taqiqlandi, muassasalar faqat taomni olib ketish va yetkazib berish rejimida ishlashi mumkin. Shuningdek, ommaviy tadbirlar taqiqlandi. Shahar bog‘larida fuqarolar ijtimoiy masofani hisobga olgan holda olti kishidan ortiq bo‘lmagan tarzda to‘planishi mumkin. Nooziq-ovqat do‘konlari, go‘zallik salonlari va sport zallari o‘z faoliyatini davom ettiradi. 

Xon, shuningdek, biznesni davlat tomonidan ko‘proq qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. «Vazirlar ushbu muhim davrda qo‘shimcha cheklovlarga duch kelgan korxonalar uchun o‘tgan yilgi daromadlari asosida to‘liq yo‘qotgan daromadlarini qoplash sxemasini tezkorlik bilan joriy etishi shart. Hukumat o‘zini o‘zi yakkalab qo‘yishga majbur bo‘lgan ishchilarga qonun bilan belgilangan kasallik bo‘yicha nafaqalarni to‘liq to‘lashi va ochiq jamoat joylarida niqob taqishni majburiy qilib qo‘yishi kerak», - deyiladi shahar meri murojaatida.

Shaharda bir kunda 5000-5500ta yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda. Londonda jami 206 500ta COVID holati qayd etildi. Buyuk Britaniya poytaxtidagi kasalxonalarda COVID bilan kasallangan 2330 bemor davolanmoqda, bir kunda 13 kishi vafot etdi. 

5 noyabrdan 2 dekabrgacha Angliyada qattiq lokdaun amal qildi. Fuqarolar o‘z uyidan faqat zarurat bo‘lganda chiqishi mumkin edi. Chakana savdo do‘konlari, ko‘ngilochar markazlar va sport zallari, teatrlar, muzeylar, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar yopildi. Restoran va pablar olib ketish hamda yetkazib berish rejimida ishladi, mehmonxonalar va yotoqxonalarga faqat ish bo‘yicha safar qilayotganlarni qabul qilishga ruxsat berildi. Diniy tashkilotlar faoliyati cheklandi, to‘y o‘tkazish taqiqlandi. 

Universitetlar, maktablar, kollejlar xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda odatdagidek ishlashni davom ettirdi. 

Bosh vazir Boris Jonsonning aniqlik kiritishicha, umummilliy karantindan keyin rasmiylar mahalliy cheklovlar taktikasiga o‘tadi. Epidemiologik vaziyat va cheklovlarning og‘irligiga qarab mintaqalar uch turga bo‘lingan. 

Top