00:07 / 16.12.2020
4787
Tramp saylovlar vaqtida ovoz berish mashinalari xatoliklarga yo‘l qo‘yganini aytdi

AQSh prezidenti Donald Trampning ta'kidlashicha, AQShda 3 noyabrda o‘tgan prezident saylovlarida ovoz berish mashinalari ishida jiddiy xatolar yuz berdi. Uning aytishicha, bu xatoliklar umuman olganda saylovlar natijalariga ta'sir ko‘rsatgan.

Foto: Reuters

Avvalroq AQSh prezidenti saylovlarining yakuniy natijalari ma'lum bo‘lgandi. Barcha 50ta shtatdan saylovchilar vakillari xalq istagiga ko‘ra ovoz berishdi va mamlakatning yangi prezidenti sifatida Jo Baydenni tanlashdi. Tramp ovozlar qayta hisoblanishini talab qilgan barcha tebranuvchi shtatlarda ham Baydenga ovoz berilgan. 

“Ovoz berish mashinalarida katta muammolar aniqlanmoqda. Muammolar shunchalik kattaki, asti qo‘yaverasiz. Bu muammolar ishonchli g‘alabani ham jiddiy mag‘lubiyatga aylantirishi mumkin. Biroq AQShda bunday bo‘lmasligi kerak”, deb yozgan Tramp tvitterda. U bu holatni “jinoyat” deb atagan.

Amaldagi prezidentning ta'kidlashicha, Michigan shtatida ovoz berish mashinalaridagi xatoliklar ulushi 68 foizni tashkil qilgan. “Qonunga ko‘ra, xatoliklar bir foizning ulushlaridan oshmasligi kerak. Bu Michigan shtati davlat kotibi qonunni buzganini anglatadimi?”, deb yozgan Tramp. 

Trampning ovoz berish mashinalaridagi xatoliklar haqida yozgan barcha tvitlari ijtimoiy tarmoq tomonidan “bahsli” deb belgilangan.  

Bu orada respublikachilarning AQSh kongressi senatidagi yetakchisi Mitch Makkonnell demokrat Jo Baydenni g‘alaba bilan tabriklagan.

“Saylovchilar hay'ati o‘z so‘zini aytdi. Bugun men saylangan prezident Jozef Baydenni tabriklamoqchiman. Saylangan prezident senat uchun begona emas, u umrining ko‘p yilini davlat xizmatiga bag‘ishlagan. Men, shuningdek, saylangan vitse-prezident, hamkasbimiz, Kaliforniyadan senator Kamala Xarrisni ham tabriklamoqchiman. Amerikaliklar mamlakat tarixida birinchi marta ayol kishi vitse-prezident bo‘lishidan faxrlanishlari kerak”, deb aytgan Makkonnell.  

Avvalroq saylovchilar hay'ati Baydenning prezident saylovlaridagi g‘alabasini tasdiqlagandi. Bayden saylovchilar vakillarining 302 ovozini, Tramp esa 232 ovozini olgan.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top