11:30 / 16.12.2020
19501

«Xalqqa quruq non, o‘zlariga saroy» – Turkiya parlamentidagi tortishuv ijtimoiy tarmoqda muhokamalarga sabab bo‘ldi

«Xalq och, quruq non bilan qorin to‘yg‘izyapti», dedi Respublika xalq partiyasi (CHP) guruhi raisi o‘rinbosari Engin Oltoy. Uning bu gapiga amaldagi hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) deputati Shahin Tin «Demak, ular och emas», deb javob berdi.

Foto: EPA

Parlamentning umumiy kengashida budjet masalalari muhokama qilinayotgan bir paytda Shahin Tin tomonidan aytilgan ushbu gap ijtimoiy tarmoqlarda keskin e'tirozlarga sabab bo‘ldi.

Kim nima dedi?

«Xalq och, deganda sakramang. O‘rtoqlar! Odamlar och, baxsiz. Ha, hammaning oshqozoniga nimadir tushib turibdi, quruq non tushib turibdi», dedi budjet muzokaralarida so‘z olgan CHP guruhi raisi o‘rinbosari Engin Oltoy.

AKP’ning Denizlidan bo‘lgan deputati Shahin Tin esa ushbu gaplarga «Demak, ular och emas», deya qarshilik bildirdi. «Quruq non... Men buning qaydini olaman, qarab tur, hali ko‘rasan, millatdan kechirim so‘raysan», dedi Engin Oltoy.

Ijtimoiy tarmoqlardagi munosabat

Ushbu munozaradan so‘ng CHP a'zolari Shahin Tinning so‘zlari aks etgan Majlis bayonnomalarini ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z akkauntlarida e'lon qilishdi.

CHP’ning tvitterdagi rasmiy sahifasida berilgan bayonotda ham Shahin Tin qoralandi:

«Biz AKP deputati Shahin Tinning AKPga ovoz bergan fuqarolarimizni ham yaralagan so‘zlarini qoralaymiz. Saroy tartibotining yetib kelgan nuqtasi shu! Xalqqa quruq nonni, o‘ziga esa saroylarni loyiq ko‘ruvchi bu qarashni ilk saylovda yo‘q qilamiz, fuqarolarimiz va mamlakatimizni bir kishilik tartibotdan qutqaramiz», deyiladi bayonotda.

CHP raisining o‘rinbosari va Istanbul deputati Onursal Adigo‘zal ham vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi. «Millat parlamentida millatga bunday gap aytilishini rad etamiz va buni xalqimizning ixtiyoriga havola qilamiz», dedi u.

«Yigit muhtoj bo‘lmish quruq piyozga, xalq esa quruq non yeyishga majbur (Ilk satr Mahzuni Sharifning xuddi shu nomli she'ridan olingan – tahr.). Hatto AKP saylovchilari ham buni qoralaydi, ammo u kechirim so‘rash o‘rniga, telefoniga saroydan jo‘natilgan matnni o‘qib berish bilan barchani masxara qildi. Kechirim so‘ra va iste'foga chiq!», dedi CHP’ning Izmir deputati Tunjay O‘zkan.

@kuru_ekmek (Quruq non) heshtegi esa tvitterda Turkiyaning kun tartibiga kirdi.

Shahin Tin: «Mening so‘zlarim buzildi»

Ijtimoiy tarmoqlarda keskin munosabatlar bildirilishi ortidan Shahin Tin ijtimoiy tarmoqdagi o‘z akkauntida bayonot berdi va so‘zlari buzib talqin qilinganini da'vo qildi.

«CHP a'zosi Engin Oltoy so‘zlarimni buzib ko‘rsatgani va bundan siyosiy manfaat ko‘rishga intilgani bizni hayron qoldirgani yo‘q. Turkiyada ijtimoiy davlat AKP partiyasi bilan vujudga keldi. Biz barchaning dardini o‘z dardimiz deb bildik. Vijdoni bo‘lgan har qanday odam niyatim yomon emasligini biladi. Millatimiz CHP’ning bu siyosatiga ustunlik bermaydi», dedi Shahin Tin.

Mavzuga oid
Top