14:36 / 17.12.2020
8602
11 oy mobaynida O‘zbekistonga qaytib kelgan mehnat migrantlari soni ochiqlandi

2020 yilning o‘tgan 11 oyi mobaynida 467 ming nafardan ortiq mehnat migrantlari qaytib keldi, deb xabar bermoqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Bandlikka ko‘maklashish, tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish boshqarmasi.

Foto: RIA Novosti

Qayd etilishicha, Rossiyadan – 257 ming, Qozog‘istondan – 129 ming, Turkiyadan – 14 ming, Koreya va boshqa davlatlardan – 66 mingdan ortiq vatandoshlar qaytgan.

Qaytib kelgan fuqarolarning salmoqli qismi (49,0 foizi) chet davlatlarda qurilishning turli yo‘nalishlarida ishlagan. Ularning 11,4 foizi sanoat korxonalarida, 7,8 foizi qishloq xo‘jaligi ishlarida, 10,5 foizi savdo va boshqa maishiy xizmat ishlarida, 21,2 foizi boshqa yo‘nalishlarda mehnat qilgan. 

“Vatanga qaytgan mehnat migrantlarini ichki mehnat bozoriga reintegratsiya qilish maqsadida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, fuqarolarni uyma-uy yurib o‘rganish va eng muhimi ularning bandligini ta'minlash maqsadida avvalo, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolar kontingentini aniqlab olish jarayonlari tashkil etilmoqda”, - deyiladi ma'lumotda.

Ta'kidlanishicha, 2020 yilning o‘tgan 11 oyi davomida vatanga qaytgan mehnat migrantlarining 39 225 nafari (84 foizi) uyma-uy yurib o‘rganilgan, 74 754 nafar (16 foizi) mehnat migrantlari bo‘yicha monitoring ishlari davom ettirilmoqda.

Monitoring o‘tkazilgan fuqarolarning 268 267 nafari (57 foizi) bandligi ta'minlangani aytiladi.

Shuningdek, xorijda ishlab kelgan mehnat migrantlarining 35 651 nafari (7,6 foizi) vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida chet davlatlarga qaytib ketgan. 88 691 nafari (19 foizi) vaqtincha ishsiz hamda 16 325 nafari (4 foizi) turli sabablarga ko‘ra mehnatga layoqatsizligi aniqlangan.

Top