11:18 / 17.12.2020
8316
Bog‘ot tumani hokimi o‘zgardi

Xalq deputatlari Bog‘ot tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi xabar bermoqda.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Shavkat Quramboyevich Yaxshiboyev Bog‘ot tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Shavkat Yaxshiboyev Xorazm viloyati hokimligi Madaniyat va aholi dam olish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, shu paytga qadar Oybek Xolboyev Bog‘ot tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi. U 2019 yil sentyabr oyida tumanda fuqarolar paxta terimiga majburan jalb etilgani tufayli jarimaga tortilgandi

Bog‘ot tumani 1926 yilda tashkil topgan, 1930 yilda Xonqa tumaniga qo‘shilgan, 1934 yilda esa Yangiariq tumani tasarrufiga o‘tgan. 1953 yilning mart oyida qaytadan tuman sifatida tashkil qilingan. 1959 yilda yana Yangiariq tumani tarkibiga qo‘shilgan. Bog‘ot tumani 1970 yil 8 dekabrda qayta tashkil qilingan. 

Tuman hududi 4433,5 kv.km. bo‘lib, geografik jihatdan Xorazm viloyatining janubi-sharqiy qismida joylashgan. Janubdan Turkmaniston bilan, sharqdan Hazorasp tumani bilan, shimoldan Qoraqalpog‘iston bilan, g‘arbdan Yangiariq va Xonqa tumanlari bilan chegaradosh. Tumanda 43 ta mahalla bor, shundan 5 tasi shaharcha fuqarolar yig‘ini hisoblanadi. Tuman aholisi soni 163 819 kishini tashkil etadi, tuman markazida 11 321 kishi istiqomat qiladi.

Top