10:46 / 17.12.2020
8098
Markaziy bank xalqaro zaxiralari nega kamaydi?

To‘rt oydan buyon O‘zbekiston Markaziy banki oltin-valuta zaxirasi muttasil kamayib bormoqda.

Foto: RIA Novosti / Pavel Lisitsyn

Joriy yilning 1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki xalqaro zaxira aktivlari 31 milliard 938 millionga teng. Oxirgi to‘rt oy mobaynida MB xalqaro zaxira aktivlari tushib borayotgani kuzatilmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Aslida, O‘zbekiston xalqaro zaxiralari 2020 yil boshiga nisbatan 3,35 milliard dollarga oshdi. Masalan, 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, xalqaro zaxiralar 28,5 milliard dollarni tashkil etgandi va oradan 11 oy o‘tib, zaxiralar 31,9 milliardga yetgan. Bunda oltin narxining yil boshidagi 1511 dollardan hisobot sanasiga 1771 dollarga oshishi xalqaro zaxiralarning 2,7 milliard dollarga oshishini ta'minladi.

Shunga qaramay, xalqaro zaxiralar noyabr oyida 535 million dollarga kamaydi. Ya'ni oktyabrda zaxiralar 32,6 milliarddan noyabrda 32,4 milliard dollarga tushdi. Bunda oltin narxining hisobot oyi boshidagi 1875 dollardan 1771 dollarga tushishi zaxiralarni 1 milliard 81,3 million dollarga kamaytirgan bo‘lsa, valuta qimmatliklardagi oshish 545 million dollarni tashkil qildi.

MB zaxira aktivlarining katta qismi haligacha oltindan iborat. Ya'ni oltinning barcha zaxira aktivlardagi ulushi 18,4 milliard dollarga (sof hajmi 10,4 million troy unsiya) teng va 14 milliard dollarga teng qiymatli konvertatsiya qilinadigan xorijiy valuta bosh ofisi xorijda joylashgan banklarda saqlanmoqda. Demak, oltin va valuta qimmatliklardagi o‘zgarish O‘zbekiston zaxira aktivlari miqdoriga bilvosita ta'sir o‘tkazadi.

Markaziy bank boshqaruv kengashi raisi Mamarizo Nurmatov AQSh G‘aznachiligi obligatsiya sotib olish orqali oltin-valuta zaxirasi portfelini kengaytirmoqchi ekanini bildirgandi. Shunda bozordagi aktiv qimmatliklarning keskin o‘zgarishi O‘zbekiston oltin-valuta zaxirasiga bilvosita ta'siri kamroq seziladi. 

Top