12:53 / 17.12.2020
3492
Toshkentda ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun narxlarni oshirish bo‘yicha qaror loyihasi e'lon qilindi
Foto: Getty Images

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Toshkent shahar aholisini ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun narxlarni oshirish bo‘yicha xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori loyihasi joylandi.

Ayni paytda hujjat ko‘rib chiqilib, xulosa olish uchun monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solish organlariga taqdim qilingan.

Loyihaga ko‘ra, «Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJ tomonidan yangi taklif etilayotgan tariflar (narxlar) 1 metr kub ichimlik suvi uchun aholi, budjet va ulgurji iste'molchilar uchun (QQSsiz) 310 so‘mdan 500 so‘mga (161,2 foiz)ga, tijorat tashkilotlari uchun 730 so‘mdan 1500 so‘mga (205,4 foiz)ga o‘sishi belgilanmoqda.

Shuningdek, kanalizatsiya xizmatlari uchun aholi, budjet va ulgurji iste'molchilar uchun (QQSsiz) 250 so‘mdan 350 so‘mga (140,0 foiz)ga, tijorat tashkilotlari uchun 460 so‘mdan 820 so‘mga (178,2 foiz)ga o‘sishi kutilmoqda.

Loyihada mazkur narxlar oshishiga asosiy sabab sifatida «Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJning 2019 yilda moliyaviy iqtisodiy faoliyatdan 58,8 mlrd so‘m hamda 2020 yil 8 oyligida 21,3 mlrd so‘m zarar ko‘rgani keltirilgan.

Shuningdek, kreditor qarzdorlikni yanada kamaytirish, loyihalarni amalga oshirish, kelgusida to‘lovi kutilayotgan xorijiy kreditlarni o‘z vaqtida qaytarish, tarmoqlar va inshootlardagi nosozliklarni vaqtida bartaraf etish borasida xarajatlar oshgani bildirilgan.

Loyihada bir qator xalqaro tashkilotlarga qaytarilishi lozim bo‘lgan davlat qarzlari haqida ham so‘z borgan.

Xususan, prezident qarori bilan 2010 yilda Islom taraqqiyot bankidan 33,9 mln AQSh dollari kredit mablag‘lari jalb qilingani keltirilgan. Bugungi kunga qadar mazkur mablag‘larning 8,7 mln AQSh dollari qaytarilgan, 25,2 mln AQSh dollari qolgan. To‘lov grafigiga asosan yiliga ikki transhda jami 3 mln AQSh dollari qaytarish belgilangan.

Shuningdek, loyihada Yevropaning “Grundfos” korxonasidan yetkazib berilgan nasoslar uchun hozirda 434,6 ming yevro qaytarish rejalashtirilgani keltirilgan.

Top