20:07 / 17.12.2020
9381

Uyg‘ur oilasi uch yillik ayriliqdan so‘ng yana diydorlashdi

Avstraliyada yashovchi uyg‘ur yigiti uch yillik zahmatlardan keyin ayoli va o‘g‘li bilan ko‘rishishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘tgan haftaning payshanba kuni Sidneyda Avstraliya fuqarosi Sadam Abdusalom ayoli Nodila Vumayr va 3 yashar o‘g‘li Lutfiy bilan ko‘rishdi. Ayriliqdagi oilaga diplomatik muzokaralar tufayli Xitoydan chiqib ketishiga izn berildi.

Xitoy Musulmon uyg‘urlar jamiyati a'zosi bo‘lgan Vumayr xonim uy qamog‘ida ekani aytilgandi.

Abdusalom oilasi Sidney aeroportidagi hayajonli uchrashuv fotosuratini omma bilan baham ko‘rdi. Sadam 2017 yil tug‘ilgan farzandini ilk bor bag‘riga bosa oldi. «Rahmat, Avstraliya! Barchaga rahmat!» deya o‘z quvonchi va hislarini tvitlagan Abdusalom.

Ayriliqning uch yili

Sadam Avstraliyada 10 yil yashagach, 2016 yili qallig‘i Vumayr bilan turmush qurish uchun Xitoyga qaytib boradi. U 2017 yili Avstraliyaga ishga qaytadi, Nodila esa viza olishni kutib vatanida qoladi. Nodila o‘sha yili Lutfiyni dunyoga keltirdi. Lekin ota o‘z farzandini ko‘rish ilojini qilolmadi – Xitoy hukumati Sadamni mamlakatga kirgizmadi.

Ko‘zi yoriganidan ko‘p o‘tmay, Vumayr xonim Xitoy hukumati tomonidan ikki haftaga hibsga olindi. Keyinroq qo‘yib yuborildi, lekin Nodilaning pasporti olib qo‘yilib, musodara qilindi va uyidan chiqish taqiqlandi.

So‘nggi ikki yilda Avstraliya ularni qo‘yib yuborishni so‘rab bir necha bor rasmiy talab jo‘natdi. Vumayr xonim Avstraliya fuqarosi emas, lekin o‘g‘li Lutfiy Abdusalomning talabiga ko‘ra rasman Avstraliyaga tegishli deb da'vo qilindi.

Fevralda Xitoy rasmiylari ularning nikohi tan olinmagani va Vumayr xonim Xitoyda qolishni istashini aytib bayonot berishgandi.

Biroq bayonotdan bir necha soat o‘tib, Sadam o‘z tvitteri orqali ayolining «Men ketishni va erim bilan birga bo‘lishni istayman. 25.02.2020» degan yozuvni ko‘tarib tushgan suratini e'lon qildi.

Ular o‘z niyatlariga yetish uchun yana 6 oy kutishga majbur bo‘lishdi. O‘tgan hafta Shanxay-Hongkong-Port Moresbi-Brisban-Sidney yo‘nalishida 48 soat davom etgan uzoq safar nihoyasida Nodila va Lutfiy Abdusalom bilan ko‘rishish baxtiga yetishishdi. Sadam Abdusalom Avstraliya tashqi ishlar vazirligiga «aql bovar qilmas» ish uchun minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u o‘z advokatlari va ommaviy axborot vositalariga ham rahmat aytishni unutmadi.

«Bu kunga yetaman deb o‘ylamagandim. Biz yana birga bo‘lishimiz uchun mehnat qilgan barchadan minnatdorman. Barcha uyg‘ur millatdoshlarimga o‘z oilalari bag‘riga qaytishni tilayman», degan Sadam Abdusalom.

Eslatib o‘tamiz, bir necha yildan buyon Xitoy Shinjonda yashovchi musulmon aholi vakillarini qayta tarbiyalash lagerlarida saqlab kelmoqda va bu jahon afkor ommasi tomonidan qattiq tanqid qilinmoqda.

Jumladan, joriy yilning oktyabrida 39 davlat «Shinjondagi inson huquqlari borasidagi vaziyatdan qattiq tashvishda ekanini» izhor qilishgandi.

Mavzuga oid
Top