20:58 / 17.12.2020
3631

Xalqaro turizm 1990 yildagi darajaga tushib ketdi

Yanvardan oktyabrgacha dunyo mamlakatlari 2019 yilning shu davriga nisbatan 900 mln nafarga kamroq turistlarni qabul qilgan. Xalqaro turizm 935 mlrd dollar yo‘qotgan. Bu raqam turizm 2009 yilgi global iqtisodiy inqiroz oqibatida ko‘rgan zarardan 10 baravarga ko‘pdir.

Foto: unwto.org

2020 yilning dastlabki 10 oyi mobaynida xalqaro turizm 70 foizdan ortiqqa, 1990 yildagi darajaga tushib ketdi. Bu haqda BMTning Xalqaro turizm tashkiloti ma'lum qildi.

"Xalqaro turizmning 72 foizga qisqarishi safarlarning cheklanishi, iste'molchilarning xavotiri va koronavirusga qarshi global kurash bilan bog‘liq. Bu yil turizm tarixidagi eng yomon yil bo‘ldi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, yanvardan oktyabrgacha dunyo mamlakatlari 2019 yilning shu davriga nisbatan 900 mln nafarga kamroq turistlarni qabul qilgan", - deyiladi tashkilot xabarida.

Xalqaro turizm 935 mlrd dollar yo‘qotgan. Bu raqam turizm 2009 yilgi global iqtisodiy inqiroz oqibatida ko‘rgan zarardan 10 baravarga ko‘pdir.

 Xabarda aytilishicha, yil yakunlari bo‘yicha turizmning yo‘qotishlari 1,1 trillion dollarga yetadi. Bunday yo‘qotish jahon YaIMning 2 trillion dollarga qisqarishiga olib kelishi mumkin.

Eng ko‘p turistlar sonining qisqarishi Osiyo-Tinch okeani hududida kuzatilgan – 10 oy ichida 82 foiz. Yaqin Sharqda turistlar tashrifi 73, Afrikada 69 foizga kamaygan.  Yevropa va Amerikaga sayyohlar soni 68 foizga qisqargan. 

UNWTO taxminiga ko‘ra, turizm 2021 yilning ikkinchi yarmiga kelib qisman tiklanishi mumkin. Ammo 2019 yildagi darajaga qaytish uchun 2,5 yildan to‘rt yilgacha vaqt kerak bo‘ladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top