03:49 / 17.12.2020
14445

Xitoyning Oydan tuproq namunalari olib kelayotgan zondi Yerga qo‘ndi

Foto: AP

Xitoyning “Chan'e-5” zondining qaytariluvchi qurilmasidan tashlangan kapsula Xitoyning Ichki Mo‘g‘uliston tumaniga qo‘ndi. Kapsulada Oy sirtidan olingan tuproq namunalari bor.

Kapsula Yer atmosferasiga kirgach, parashyut tizimida Yerga tushgan. Uni qidirishga maxsus otryad jo‘natilgan. Ta'kidlanishicha, kapsulani qidirish ishlari u tushgan hududda qorong‘i tushgani va qalin qor qoplamasi borligi sababli qiyinlashgan.  

Oy sirtidan Yerga geologik namunalarni yetkazishga mo‘ljallangan “Chan'e-5” zondi 23 noyabrda “Chanchjen-5” raketasi yordamida fazoga chiqarilgandi.

Zondning maxsus moduli 1 dekabrda Oyning ko‘rinadigan tomonining g‘arbiy qismida joylashgan Bo‘ronlar okeaniga qo‘ngan. 2 dekabrda modul Oy sirtini burg‘ilab, 2 metr chuqurlikdan geologik jins namunalarini olgan. Shundan keyin 3 dekabrda modulning manipulyatori Oy sirtidan tuproq namunalari to‘plagan. Missiya davomida modul umumiy hisobda 2 kg geologik namunalar to‘plagan.

Modul Oy sirtidan ko‘tarilishidan oldin Yerning tabiiy yo‘ldoshida Xitoy bayrog‘ini o‘rnatgan. 6 dekabrda modul “Chan'e-5”ning orbital moduli bilan tutashib, Yerga qaytuvchi qurilmaga Oydan olingan namunalarni bergan. 

Missiya muvaffaqiyatli yakunlansa, Xitoy Rossiya va AQShdan keyin Yerga Oy tuprog‘ini yetkazgan tarixdagi uchinchi va 1976 yildan beri buni amalga oshira olgan birinchi davlat bo‘ladi.

Top