16:22 / 18.12.2020
2795

2020 yilning 9 oylik xarajatlari 102,1 trln so‘mni tashkil etdi

Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2020 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining hisoboti eshitildi.

«Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorlar, ko‘rilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida yalpi ichki mahsulotning keskin tushib ketishi oldi olindi va joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real o‘sish 0,4 foizni tashkil etdi.

Davlat budjeti daromadlari 94,5 trln so‘mni tashkil etib 2019 yilning 9 oyiga nisbatan 15,3 trln so‘mga ko‘p mablag‘lar undirildi.

Xabaringiz bor, joriy yil uchun Davlat budjeti xarajatlari 131,1 trln so‘m miqdorida, shundan respublika budjeti xarajatlari 95,7 trln so‘m hamda mahalliy budjetlar xarajatlari 35,4 trln so‘m miqdorida tasdiqlangan edi.

Biroq, koronavirus pandemiyasi tarqalishi, karantin choralari qo‘llanishi va bahor mavsumida yuz bergan tabiiy ofat va texnogen avariyalar davlat budjeti xarajatlariga jiddiy o‘zgartirishlar kiritishni talab etdi.

Yuqoridagi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, Davlat budjetining 2020 yil 9 oylik xarajatlari 102 trln 165 mlrd so‘mni yoki YaIMga nisbatan 25 foizni tashkil etdi», deya moliya vazirining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Hisobot davrida Davlat budjeti daromadlari 94,4 trln so‘mga bajarilgan bo‘lib, belgilangan prognozdan 2,9 foizga ko‘p bo‘lgan.

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun jami 53,7 trln so‘m sarflanib, bu umumiy xarajatlarning 52,5 foizini tashkil etgan. Shundan budjet mablag‘lari hisobidan 50,4 trln so‘m hamda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 3,3 trln so‘m mablag‘lar sarflangan. Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘laridan sog‘liqni saqlash sohasiga 2,7 trln so‘m ajratilgan.

Jumladan, moddiy rag‘batlantirish xarajatlari uchun 1,5 trln so‘m, dori vositalari va tibbiy buyumlar, himoya vositalari, test tizimlari antiseptik vositalar va dezinfeksiya qilish ishlariga hamda karantinda va davolashda bo‘lgan fuqarolarni saqlash ishlariga 1,2 trln so‘m mablag‘lar sarflangan.

Shuningdek, senatorlar hisobot davrida xarajatlar rejaga nisbatan kam ijro qilingani, xususan, joriy xarajatlar va kapital qo‘yilmalar to‘liq moliyalashtirilmaganligi kabi holatlarning mavjudligiga e'tibor qaratdi.

Bugungi murakkab pandemiya sharoitida aholini kuchli ijtimoiy himoya qilish va sog‘lig‘ini ta'minlagan holda iqtisodiyotni qayta tiklash yo‘lida muayyan ishlar amalga oshirilayotgani ham qayd etildi.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan joylarda maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumta'lim maktablari va sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish, mavjudlarini mukammal va joriy ta'mirlash, ularni zamonaviy vositalar bilan jihozlash, qolaversa, hududlardagi ichki yo‘llarni qurish va ta'mirlashga e'tiborni oshirish zarurligi ta'kidlandi.

Shuningdek, hisobot davrida budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, budjet xarajatlari ustidan nazoratni kuchaytirish va bunda mahalliy Kengashlarda ochiq, shaffof hisobot berib borishga alohida e'tibor qaratish zarurligi bildirildi.

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ijtimoiy himoyaning manzilliligini kuchaytirish zarurligi ham ta'kidlab o‘tildi.

Majlisda Oliy Majlis Senatining Davlat budjetining 2020 yil to‘qqiz oyligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash yuzasidan qarori qabul qilindi.

Top