21:40 / 18.12.2020
4402

AQSh vitse-prezidenti jonli efirda koronavirusga qarshi emlandi

AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens jurnalistlar oldida koronavirusga qarshi emlandi. Ushbu jarayon AQSh telekanallari tomonidan 18 dekabrda jonli ravishda namoyish qilindi. 

Pens bilan birga uning rafiqasi Karen va AQSh bosh jarrohi Jyerom Adams Pfizer va BioNTech kompaniyalari ishlab chiqqan vaksina bilan emlanishgan. 

Jurnalistlar to‘plangan zalda shifokorlar ulardan avval vaksinalarga allergik reaksiyalari bo‘lgani yoki yo‘qligi haqida so‘rashgan va vaksina haqida tushuncha berishgan.  

Qisqa savol-javobdan keyin vaksina ularning qo‘llariga kiritilgan. Shifokor ularni bu emlashning birinchi qismi ekani, muayyan muddat qo‘l og‘rishi mumkinligi va 21 kundan keyin vaksinaning ikkinchi dozasini olish kerakligidan ogohlantirgan. Barcha jarayon bir necha daqiqa vaqt olgan.

“Men hech narsa sezmadim. Ish yaxshi qilindi. Sizning davlatimizga qilayotgan xizmatingizni qadrlayman”, deb minnatdorlik bildirgan Pens shifokorlarga. 

Pens rafiqasi bilan birga “xavfsiz va samarali vaksina” bilan emlanishda o‘rnak ko‘rsatishdan xursandligini aytgan.

“Ishonamanki, ushbu hafta koronavirus pandemiyasi yakunining boshlanishi sifatida tarixda qoladi”, deb qo‘shimcha qilgan AQShning amaldagi vitse-prezidenti.

Joriy haftada AQShda Pfizer va BioNTech vaksinasini ommaviy qo‘llash boshlandi.

Shuningdek, 18 dekabrda AQSh Moderna kompaniyasi ishlab chiqqan yana bir vaksinani qo‘llash uchun ma'qullagani ma'lum bo‘ldi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top