21:23 / 18.12.2020
2252

Ekspert: O‘zbekiston raisligida qabul qilingan strategik hujjatlar MDHda barqaror rivojlanishni ta'minlashda dolzarb ahamiyatga ega

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti markaz rahbari Baxtiyor Mustafoyev O‘zbekiston Respublikasining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotidagi raisligining yakunlariga bo‘yicha sharh berdi.

18 dekabr kuni O‘zbekiston raisligida onlayn-muloqot shaklida o‘tkazilgan MDH davlat rahbarlarining uchrashuvi bugun xalqaro ekspert doiralarida yuqori baholanmoqda. Chet el davlatlari siyosiy doira vakillarining bunday katta qiziqishini quyidagi uchta omil bilan izohlasa bo‘ladi.

Birinchidan, bu 2020 yilning boshidan butun dunyoni qamrab olgan epidemiologik og‘ir vaziyat sharoitiga qaramay davlat rahbarlari muloqotining tashkil etilganligi; ikkinchidan, MDH davlatlari hududidagi, xususan Belarus va Qirg‘izistondagi siyosiy vaziyat, Janubiy Kavkazdagi harbiy holat; uchinchidan, va eng asosiysi O‘zbekistonning o‘z tarixida ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotiga raislik qilishi.

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, yuqoridagi omillarga qaramay O‘zbekiston o‘ziga yuklatilgan vazifalarni yuqori darajada va muvaffaqiyatli bajardi. Buni biz nimalarda ko‘rishimiz mumkin?

Eng avvalo, yuqorida aytib o‘tilgan ko‘plab mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar ishini murakkablashtirgan og‘ir epidemiologik vaziyatga qaramay O‘zbekiston MDHga raislik konsepsiyasi asosida hamdo‘stlikning hukumat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Iqtisodiy kengashning tegishli yig‘ilishlari, qolaversa, MDH davlat rahbarlari uchrashuvini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Shu bilan birga, tarmoqlararo hamkorlik organlarining 60ga yaqin majlislari tashkillashtirildi. MDH tashkilotidagi bunday doimiy faol muloqot siyosiy, iqtisodiy va madaniy gumanitar sohalarda, hamda xavfsizlik sohasidagi dolzarb masalalarni o‘z vaqtida hal etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonning hamdo‘stlikdagi raisligining samaradorligiga yorqin misol sifatida MDH doirasida 2020 yilda tashkilotning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha imzolangan muhim hujjatlarni aytish mumkin. Xususan, MDH doirasida siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, madaniyat, turizm, sport, yoshlar siyosati, innovatsion rivojlanish kabi hozirgi zamon talablariga moslashtirilgan ustuvor yo‘nalishlarda Hamdo‘stlik doirasidagi uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun zamin yaratgan strategik hujjatlar qabul qilindi.

Qabul qilingan ushbu konseptual hujjatlar – 2021-2030 yillarga muljallangan turizm, jismoniy tarbiya va sport, yoshlar siyosati bo‘yicha strategiyalar, «raqamli jamiyat» rivojlanitirishda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, 2025 yilgacha harbiy hamkorlik Konsepsiyasi, 2030 yilgacha mintaqalararo va chegraoldi hududlarning hamkorligi bo‘yicha konsepsiya MDH makonida barqaror rivojlanishni ta'minlashda dolzarb ahamiyatga ega.

Uchinchidan, xalqaro munosabatlar tizimida kuzatilayotgan salbiy holatlar – davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchning kamayishi, pandemiya sharoitida transport va ishlab chiqarish zanjirlarining uzilishi, ko‘p tomonlama tuzilmalar faoliyatidagi inqiroz saqlanib qolayotgan bir vaqtda, O‘zbekiston o‘z raisligi davrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkiloti muhim va samarali muloqot maydoni ekanligini yana bir bor isbotladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston MDH doirasida o‘zaro manfaatlarga va o‘zaro tushunishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Bunga yorqin misol sifatida O‘zbekistonning 2020 yilda MDHning Yoshlar ishlari bo‘yicha, Mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha maslahatlashuv, hamda Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish maslahatlashuv kengashiga qo‘shilishini aytish mumkin.

To‘rtinchidan, O‘zbekistonning MDHdagi raisligi natijalari barcha hamdo‘stlikka a'zo davlat rahbarlari tomonidan yuqori e'tirofga sazovor bo‘ldi. Xususan, MDH davlat rahbarlari o‘z chiqishlarida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik izhor etib, O‘zbekiston raisligi davrida MDH doirasida erishilgan yuqori natijalarni alohida ta'kidlashdi. Bundan tashqari, sammit yakuni bo‘yicha prezidentimiz tashabbusi bilan raqamlashtirish, transport, sanoat, mehnat, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritalarining qabul qilinishi MDH doirasida barcha sohalarda amaliy sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimiz sa'y-harakatlarining barcha ishtirokchilar tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishidan dalolat beradi.

Top