08:33 / 18.12.2020
7825
Gaz eksporti 78 foizga kamaydi

2020 yilning 9 oyida tovarlar bo‘yicha tashqi savdo aylanmasi (oltin va tuzatishlarni hisobga olgan holda) 24,3 mlrd. dollarni tashkil etdi (2019 yilning 9 oyida 26,2 mlrd. dollar).

Markaziy bank sharhida aytilishicha, shundan eksport hajmi 10,8 mlrd. dollar va import hajmi 13,6 mlrd. dollarga teng. Shu munosabat bilan, savdo balansining defitsiti 2,8 mlrd. dollarni tashkil etdi. 

Tovarlar eksporti hajmi 2019 yilning 9 oyiga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan. Oltin va gazning eksportdagi ulushi mos ravishda 54 foizni hamda 3 foizni tashkil qildi. Shuningdek, energiya tashuvchi mahsulotlar jahon narxlarining keskin tushishi va asosiy iste'molchilar tomonidan ularga bo‘lgan talabning pasayishi oqibatida gaz eksporti hajmida 2019 yilning 9 oyiga nisbatan 78 foizga kamayish kuzatildi. 

2020 yilning 9 oyida tovarlar eksportining hajmi (oltin eksportini va tuzatishlarni hisobga olmagan holda) 24 foizga kamaydi (2019 yilning 9 oyida o‘sish 17 foizni tashkil qilgan).

Eksportning asosiy qismi qimmatbaho metallar va toshlar (5,9 mlrd. dollar, 2019 yilning 9 oyida 4,1 mlrd. dollar), to‘qimachilik mahsulotlari (1,5 mlrd. dollar, 2019 yilning 9 oyida 1,5 mlrd. dollar), kelib chiqishi o‘simlik bo‘lgan mahsulotlar (850,1 mln. dollar, 2019 yilning 9 oyida 1,0 mlrd. dollar), qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlarni (773,9 mln. dollar, 2019 yilning 9 oyida 827,9 mln. dollar) tashkil qilgan.

Xomashyo tovarlari (oltin va tabiiy gaz) ulushi shu yil 9 oyida jami eksport hajmining 57 foizini tashkil qildi, shundan 54 foizi oltin va 3 foizi tabiiy gazga to‘g‘ri keladi. Bunda tabiiy gaz eksportining umumiy hajmidan 94 foiz Xitoy, 5 foiz Tojikiston va 1 foiz Qirg‘izistonga to‘g‘ri keladi.

Top