18:30 / 18.12.2020
5958

Jismoniy tarbiya va sportni faol targ‘ib qilgan korxona-tashkilotlar taqdirlandi – Sport vazirligi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 yanvardagi «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 6-son Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tanlov o‘tkazib kelinmoqda.

17 dekabr kuni mazkur tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. G‘oliblarni taqdirlash marosimi poytaxtimizdagi «Zarafshon» konsert zalida tashkillashtirildi.

Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov so‘zga chiqdi.

Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita rahnamoligida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Bugungi o‘tkazilayotgan tadbirimiz ham mana shu sa'y-harakatlar davomi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Fursatdan foydalanib, «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirganligi uchun» tanlovida g‘olib deb topilgan barcha korxona-tashkilotlar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarini samimiy muborakbod etaman.

Ushbu tanlovda tashkilotlarning barcha bo‘linmalari miqyosida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini muntazam ravishda o‘tkazganligi uchun hamda aholining keng qatlami orasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun nominatsiyalarida g‘oliblar aniqlandi.

Unga ko‘ra, 2020 yili o‘tkazilgan tanlovda korxona-tashkilotlar o‘rtasida «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksionerlik jamiyati o‘z xodimlari orasida sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini muntazam ravishda tashkil etganligi uchun g‘oliblikka munosib ko‘rilgan bo‘lsa, «Aholining keng qatlamlari o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun» nominatsiyasida bu safar Toshkent shahar Mirobod tumani hokimligi eng ko‘p ovoz bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Tanlov g‘oliblariga «Jismoniy tarbiya va sport a'lochisi» ko‘krak nishoni hamda O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofotlari topshirildi.

Ma'lumot uchun, 2019 yil korxona va tashkilotlar o‘rtasida o‘tkazilgan «Tashkilotlarning barcha bo‘linmalari miqyosida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini muntazam ravishda o‘tkazganligi uchun» nominatsiyasida g‘oliblik Toshkent viloyatining «Maxam-Chirchiq» aksionerlik jamiyatiga nasib etgan bo‘lsa, «Aholining keng qatlamlari o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun» nominatsiyasi bo‘yicha Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi g‘olib, deb topilgandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Top