12:22 / 18.12.2020
5380
Markaziy bank firibgarlik holatlaridan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

Axborot texnologiyalari keng qo‘llanilayotgan hamda moliyaviy xizmatlar iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarda masofaviy xizmat ko‘rsatish kanallari kengayib borayotgan hozirgi sharoitda ishonuvchan hamda moliyaviy savodxonlik darajasi yetarli bo‘lmagan fuqarolarga nisbatan firibgarlik harakatlari kuzatilmoqda, deb xabar beradi Markaziy bank.

Qayd etilishicha, firibgarlik holatlari bank kartasi egasining xabarisiz uning karta hisobvarag‘idan pul mablag‘ini yechib olish, parol va PIN kodlarni o‘g‘irlash, boshqa noqonuniy faoliyat turlari bilan bog‘liq.

Markaziy bank Bank xizmatlari iste'molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati firibgarlikning quyidagi belgilaridan ogoh bo‘lishga chaqirgan:

  • ishontirish maqsadida o‘zini bank, huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki biron savdo tashkiloti xodimi sifatida tanishtiruvchi begona shaxslardan qo‘ng‘iroq bo‘lishi, SMS xabarnoma yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali turli xabarlar kelib tushishi;
  • turli sovg‘alar g‘olibiga aylanish, har qanday mablag‘larni o‘tkazib berish yoki tovar, xizmatlarni jozibador shartlarda sotib olish kabi go‘yoki juda foydali va kutilmagan imkoniyatlar taklif etilishi;
  • yutuqlarni keyinchalik bank kartasiga o‘tkazib berish sharti bilan turli xil so‘rovlar va lotereyalarda ishtirok etish taklif qilinishi;
  • yutuqlarni qabul qilish yoki tovar, xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida turli mobil ilovalarni o‘rnatish yoki havolalar orqali bank kartasi yoxud shaxsiy ma'lumotlarni kiritish to‘g‘risida takliflar berilishi;
  • hisobvaraqdagi pul mablag‘lari yo‘qolishi mumkinligi haqida qo‘rqitish va tezkor qaror qabul qilishga majburlovchi ruhiy bosim o‘tkazish holatlari;
  • hisobga xatolik bilan pul mablag‘i o‘tkazib yuborilganligi va ushbu mablag‘larni qaytarishni so‘rab qo‘ng‘iroq qilish holatlari.

“Telefon firibgarlari” o‘ylash uchun vaqt qoldirmay, turli gaplar bilan chalg‘itib, karta ma'lumotlarini ayyorlik bilan qo‘lga kiritadi yoki yolg‘onlariga ishontirib, pul mablag‘larini ularga o‘tkazib berishga undaydi.

Shu sababli, Markaziy bank Bank xizmatlari iste'molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati firibgarlarning turli bahonalar bilan bank kartasi ma'lumotlarini (karta raqami, PIN kod, shuningdek, SMS kod va boshqa shaxsiy ma'lumotlar) bilib olishga bo‘lgan urinishlariga javob bermaslikka chaqirgan.

Shuningdek, bank xodimlari qo‘ng‘iroq qilish, SMS xabarnoma yoki ijtimoiy tarmoqlarda xabar yuborish orqali bank kartasi egasidan uning kartasiga tegishli va boshqa shaxsiy ma'lumotlarni so‘ramasligi ma'lum qilingan.

Firibgarlar “tuzog‘i”ga tushib qolishning oldini olish va mablag‘lar xavfsizligini ta'minlash maqsadida Markaziy bank Bank xizmatlari iste'molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati quyidagilarni tavsiya qilmoqda:

  • o‘zini bank, huquqni muhofaza qilish idorasi yoki biron savdo tashkiloti xodimi deb tanishtirgan notanish fuqarolardan qo‘ng‘iroq bo‘lganda, ularning so‘zlariga yoki ko‘rsatmalariga amal qilishga shoshilmaslik va shaxsiy ma'lumotlarni oshkor qilmaslik. Suhbatni tugating va qo‘ng‘iroq qiluvchilar aytgan tashkilot bilan qayta bog‘lanib, ular tomonidan sizga berilgan ma'lumotlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekaniga aniqlik kiriting;
  • har qanday sharoitda ham bank kartasi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni (karta raqami, PIN kod, bank kartasining old qismi rasmlari) hamda o‘z shaxsiy ma'lumotlaringizni begona fuqarolarga oshkor qilmang va yubormang;
  • o‘zingizga tegishli bo‘lgan bank kartasi ma'lumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilmang;
  • maxfiy ma'lumotlarni kiritishingiz, ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak bo‘lgan saytlarda HTTPS:// prefiksi mavjudligini tekshiring;
  • agar tashkilotlarning sayti yoki sahifasi haqiqiyligiga shubha qilsangiz, ushbu tashkilot bilan bog‘laning va ma'lumotlarga aniqlik kiriting;
  • imzolanadigan barcha hujjatlarni diqqat bilan o‘qing, ko‘rsatilgan ma'lumotlarning to‘g‘riligini qayta tekshiring;
  • ushbu oddiy tavsiyalarni yoshi ulug‘ qarindoshlaringiz va o‘smirlarga tushuntirib boring.
Top