16:27 / 18.12.2020
7695
Shavkat Mirziyoyev MDHda mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik dasturi qabul qilish taklifini ilgari surdi

O‘zbekiston MDH hududida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha hamkorlik dasturi qabul qilishni taklif qilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni MDH davlat rahbarlari sammitida aytib o‘tdi.

«Mehnat muhojirlari hujjatlarini o‘zaro tan olishning yagona mexanizmini yaratish vaqti keldi. Shu maqsadda biz mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni taklif etamiz», - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

O‘zbekiston prezidentining qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda MDH davlatlarida ishlayotgan fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish dolzarb masala sanaladi. Shu bilan birga, ham davlat va biznes, ham ishchilarning manfaatlarini birlashtirish va hisobga olish zarur.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev MDHda sanoat kooperatsiyasining keng qamrovli dasturi ishlab chiqishni taklif qildi. Gap mashinasozlik, elektrotexnika, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika sohasidagi qo‘shma klasterlar haqida boryapti. 

Top