19:30 / 18.12.2020
14543

Toshkentda ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari uchun narxlar nega oshirilmoqda? «Toshkent shahar suv ta'minoti» izoh berdi

Bugun, 18 dekabr kuni «Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida poytaxt aholisining ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun narxlarni oshirish bo‘yicha xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori loyihasi bo‘yicha izoh berildi.

«Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJ direktori Maqsud Abbosxonov

Qayd etilishicha, suv ishlab chiqarish tannarxi amaldagi narx bilan mutanosib emas.

«Bugungi kunda korxona tomonidan 1 kub metr suv ishlab chiqarish uchun 372 so‘m sarflanmoqda. Ko‘rinib turibdiki, tannarxning o‘zi aholi uchun hisoblangan 1 kub metr ichimlik suvi narxidan (310 so‘m) 62 so‘mga qimmat.

Shu kabi omillar sabab Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJ 2019 yilda 58,8 mlrd.so‘m hamda 2020 yilning 8 oyida 21,3 mlrd. so‘m zarar ko‘rdi», - dedi «Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJ direktori Maqsud Abbosxonov.

Shuning uchun tizim va tarmoqlarning eskirganligi tufayli suv ta'minotida uzilishlarning oldini olish, ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlarining sifatini oshirish bo‘yicha 2021 yilga rejalashtirilgan tadbirlarni inobatga olgan holda yangi tariflar bo‘yicha takliflar tayyorlangan.

«Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJ direktorining iqtisodiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ilhom Tolipov taklif etilayotgan yangi narx (tarif)lar evaziga 2021 yilda quyidagi ishlar amalga oshirilishini ma'lum qildi:

  • nasos stansiyalardagi suv uzatish tizimini avtomatlashtirish (SCADA) hisobiga va eskirgan nasoslarni yangi zamonaviy energotejamkor nasoslarga almashtirish. Buning natijasida suv ishlab chiqarish hajmi 17,6 mln. kub metrga kamaytiriladi va yiliga 6 mln. kVt elektr energiyasi iqtisod qilinadi.
  • har yili eskirgan ichimlik suvi va kanalizatsiya quvurlari 69 kilometrdan ta'mirlanadi. Ma'lum qilinishicha, hozirda Toshkent shahridagi suv quvurlarini ta'mirlash juda orqada qolgan. Shu sababli yiliga 69 kilometrdan ta'mirlash evaziga taxminan 8 yil muddatda bu boradagi normaga tushib olinadi. Hozirda imkoniyatdan kelib chiqib yiliga 15-20 km. uzunlikdagi quvurlar ta'mirlanmoqda.
  • jamiyat asosiy ishchi xodimlarining o‘rtacha oyligi 1-1,2 million so‘mni tashkil qilmoqda. Yangi tariflar tasdiqlansa, xodimlarning o‘rtacha oyliklari 1,8 million so‘mga yetkaziladi. Ma'lum qilinishicha, jamiyat rahbarlarining o‘rtacha oyligi 3-3,5 million so‘m va ularning oyligini oshirish ko‘zda tutilmagan.
  • shuningdek, yangi tariflar jamiyatning xalqaro moliya institutlari oldidagi qarzlarini o‘z vaqtida qaytarish imkonini beradi. Hozirda Islom taraqqiyot bankidan 24 million AQSh dollari miqdorida qarzdorlik qolgan, jadvalga asosan, yiliga 3 million dollari qaytarilmoqda. Shuningdek, «Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJ Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 30 million AQSh dollari miqdoridagi kreditni olmagani ma'lum qilindi. Bu boradagi muzokaralar pandemiya boshlanganida to‘xtatib qo‘yilgan.

“Boshqa kommunal xizmatlar narxi barcha hududlar uchun bir xil miqdorda, ichimlik suvi esa o‘sha hududning suv yetkazib berishdagi geografik joylashuvi, unga ketadigan sarf-xarajatlardan kelib chiqib belgilanadi. Toshkent shahri suv narxi eng arzon bo‘lgan hududlardan hisoblanadi. Poytaxtdagi iste'molchilar uchun markazlashgan ichimlik suvining 1 litri narxi amaldagi 31 tiyin o‘rniga 50 tiyinga oshishi kutilmoqda”, - deya «Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJ direktorining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top