19:32 / 18.12.2020
8763

Vazir hokimlarning yer uchastkalari ajratish bo‘yicha qaror qabul qilish institutini bekor qilish taklifini bildirdi

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Senat yalpi majlisida qishloq xo‘jaligi investitsiya obektiga aylanishi kerakligi, buning uchun esa yerga bo‘lgan huquqlar barqaror bo‘lishi lozimligi haqida gapirdi.

Foto: Senat matbuot xizmati

«Qishloq xo‘jaligi sohasi investitsiya obektiga aylanishi kerak. Buning uchun yerga bo‘lgan huquqlar barqaror bo‘lishi kerak. Shundagina o‘zimizning fuqarolar ham investitsiya kiritadi, tuproq va hosil unumdorligi oshishiga harakat qiladi.

Yerni olib qo‘yish juda qattiq byurokratik jarayon bo‘lishi kerak. Trespass – AQShda bekorga rivojlanmagan.

Qishloq xo‘jaligi ko‘p yillar davomida ko‘plab salbiy holatlar manbayi bo‘lib kelgan: majburiy mehnat ham bo‘lgan, barcha davlat organlarini ham paxtaga jalb qilish bo‘lgan huquqini poymol qilish ham, yerlarni talon-toroj qilish ham.

Mana endi yangi munosabatlar shakllanyapti, klasterlar, kooperatsiyalar. Endi ularni ham huquqiy yagona va aniq tartibga solish kerak. Fikrimizcha, shartnoma buning eng maqbul mexanizmidir», deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir bu borada bir necha takliflarni ilgari surdi:

  • hokimlarning yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha qarorlar qabul qilish institutini bekor qilish.
  • yer uchastkalarini toifasiga qarab tadbirkorlar va fuqarolarga elektron onlayn-auksion, tanlov, eng yaxshi taklifni tanlash orqali (yirik investitsiya loyihasi bo‘yicha) hamda davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida ajratish.
  • yer qonunchiligini buzganlik uchun birinchi navbatda iqtisodiy hamda ma'muriy choralar qo‘llash;
  • yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni tugatishning asoslarini keskin kamaytirish kerak.
Top