17:51 / 18.12.2020
6169
Yerlarni ajratib berishning amaldagi tartibi shaffof emas – Ruslanbek Davletov

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Senat majlisidagi chiqishida yer qonunchiligi sohasidagi muammolarni sanadi.

Foto: Senat matbuot xizmati

«Yer qonunchiligi sohasidagi muammolar - mutasaddi idoralar tomonidan tizimga faqat eng chekka va zarur infratuzilmaga ega bo‘lmagan yerlar nomigagina hamda rasmiyatchilik uchun kiritib kelinmoqda.

Masalan, yer uchastkalarini auksionga chiqarish tartibi joyiga chiqqan holda o‘rganilganda, Toshkent viloyatida Olmaliq shahri va Piskent tuman, Farg‘ona viloyatida Marg‘ilon shahri, Rishton, Yozyovon, Buvayda, Farg‘ona va Beshariq tumanlari, Navoiy viloyatida Navoiy shahri va Qiziltepa tumanida jozibador va talab yuqori bo‘lgan yer uchastkalari hokimlar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratilgan.

Yerga bo‘lgan huquqlarni ta'minlash bir chetda tursin, yerdan foydalanuvchilarga amalda yetkazilgan zararlar ham qoplanmayapti.

Hokimliklar tomonidan qabul qilingan 27 mingdan ortiq (2019 yilda 22,5 mingta, 2020 yil 6 oyida 5 mingga yaqin) yer uchastkalarini ajratish to‘g‘risidagi qarorlarning 25 mingdan ortig‘ida (93 foiz) yerdan oldingi foydalanuvchilarning ko‘rgan zararlari va boy berilgan foydasi o‘rnini qoplab berish nazarda tutilmagan).

Sug‘oriladigan ekin yerlarini qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarda berish holatlari uchramoqda.

Ma'lumot uchun, 67 gektardan ortiq sug‘oriladigan ekin yerlari boshqa maqsadlarda ajratilgani aniqlandi. Bular faqat tanlov asosida o‘rganilganda aniqlaganlari. Namanganda 54,2 ga, Andijonda 8 ga, Xorazmda 2,2 ga, Samarqandda 2 ga hamda Jizzaxda 1,2 gani tashkil etadi.

Yerlarni ajratib berishning amaldagi tartibi shaffof emas (fermer xo‘jaliklariga yerlar 18 yil avval qabul qilingan Nizom bo‘yicha 7 bosqichli an'anaviy usulda o‘tkaziladigan tanlov asosida ajratilmoqda), dehqon xo‘jalikka esa to‘g‘ridan to‘g‘ri berish mumkin.

Hududlarda majburiy tarzda arizalarni yozdirish orqali ijara shartnomalarini «ixtiyoriy» bekor qilish amaliyoti keng tarqalgan», dedi Ruslanbek Davletov.

Top