20:44 / 18.12.2020
5278
Zamin fondi dasturi doirasida jami 23ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, bolalarning eshitish qobiliyati tiklandi

2020 yilda «Zamin» fondi ko‘magida koxlear va suyak implantlarini o‘rnatish bo‘yicha 36ta jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi.

Foto: Zamin fondi

Eshitish qobiliyati to‘liq yo‘qotilishining eng keng tarqalgan holati ichki quloq chig‘anog‘ining shikastlanishidir. Bugungi kunda bunday tashxis qo‘yilgan insonlarda reabilitatsiya va eshitish qobiliyatini tiklashning yagona usuli koxlear implantatsiya hisoblanadi.

JSSTning tavsiyasiga ko‘ra, ushbu implantlarning mavjudligini ta'minlash – eshitish apparatlari bilan bir qatorda, ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, eshitish qobiliyatini yo‘qotganlar uchun katta ahamiyatga ega.

2020 yilning 1 iyunida «Zamin» fondi eshitish qobiliyati zaif va kar bolalar ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari uchun koxlear implantlarni o‘rnatish bo‘yicha har yili 30 ta jarrohlik amaliyotini o‘tkazishni nazarda tutuvchi dastur ishga tushirilganini e'lon qilgandi.

Fond tarqatgan relizga ko‘ra, dastur doirasida iyun-noyabr oylari davomida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning 200 nafar o‘quvchilariga kompleks tashxis ko‘rigi o‘tkazildi.

Kompleks tashxis ko‘rigining natijalari asosida 2020 yilning noyabr oyidan sentyabr oyigacha 23 nafar bolalar uchun tibbiyot fanlari doktori, professor, Vladislav Yevgenevich Kuzovkov ishtirokida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. 19–20 dekabr kunlari qolgan 13 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Jami 36 ta jarrohlik amaliyotidan 33 tasi koxlear implantatsiya, 3 tasi esa suyak o‘tkazuvchanligini ta'minlab beruvchi implantlarni o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirildi.

Dastur, shuningdek, implantlarning keyingi bosqich sozlanishi hamda bolalarning logopedlar va surdopedagoglar bilan shug‘ullanishini nazarda tutuvchi dastlabki reabilitatsiya bosqichini ham o‘z ichiga oladi.

Mazkur yo‘nalishda xalqaro mutaxassislar ishtirokida shifokorlar va ota-onalar uchun onlayn ma'ruza va seminarlar o‘tkazildi.

2020 yilning 18 dekabr kuni «Zamin» fondi Vasiylik Kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva dasturda ishtirok etayotgan 36 nafar bola, ularning ota-onalari va shifokorlar bilan uchrashdi. Ishtirokchilar jarrohlik amaliyotining natijalari va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Fond dasturiga ko‘ra, kelgusi yilda ham ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilari uchun 30dan ortiq koxlear implantatsiya jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun, koxlear implant – eshitish qobiliyatini yo‘qotganlar uchun atrofdagi tovush va nutqni eshitish imkonini beruvchi elektron qurilmadir. U ikki qismdan iborat: ichki qism jarroh tarafidan kar bemorning quloq ichiga o‘rnatiladi, protsessordan iborat tashqi qism esa bemorning qulog‘iga va/yoki boshiga joylashtiriladi. Bu qurilma tovush, nutqni qabul qilib oladi va ularni bosh terisi orqali eshitish nerviga ta'sir etuvchi ichki qismga uzatadi.

Bundan tashqari, eshitish qobiliyatining konduktiv va aralash buzilishi holatida, ya'ni tovush tashqi quloqdan tabiiy ravishda ichki quloqqa o‘ta olmasa, suyak o‘tkazuvchanligini ta'minlab beruvchi implantlardan foydalaniladi.

Top