20:28 / 19.12.2020
9485

Jahongir Ortiqxo‘jayev 2021 yilning oxirigacha hokimlikning «snos»lar bo‘yicha barcha qarzlari qoplanishini aytdi   

Bugun, 19 dekabr kuni, poytaxt hokimligida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda Jahongir Ortiqxo‘jayev turli davrlarda Toshkent shahrida davlat tashkilotlari va hokimiyat ehtiyojlari uchun buzib tashlangan xususiy mulk egalariga qarzdorlikni qaytarish bo‘yicha savolga javob berdi.

«Snos bo‘yicha… Albatta, hech qo‘rqmasdan aytishim mumkinki, bu yil Toshkent shahar hokimligi 2005 yildan boshlab buzilib ketgan mulklarning pulini to‘ladi. O‘zbekiston tarixida bir yilda buncha kompensatsiya to‘lanmagan, bu yil 700-800 milliard so‘mga yaqin mablag‘imiz pul ko‘rinishida, yer berish ko‘rinishida «snos» uchun to‘lovlarga ketdi.

Aytmoqchimanki, bizning hisoblarimiz bor, kelasi yilning oxirigacha joyi buzilgan birorta ham odam to‘lovsiz qolmaydi. 2021 yilda 2005 yildan bugungacha buzilgan hamma binolar adolatli bo‘lsa, narx tafovuti to‘g‘ri bo‘lsa yoki sud qarori bo‘lsa puli to‘lanmasdan qolmaydi. Pulini beramiz yoki yer ko‘rinishida beramiz. Yerini berolmasak, boshqa mulk ko‘rinishida beramiz.

Bundan tashqari, endi davlat ehtiyojlari uchun buziladigan bo‘lsa, oldin kerakli kompensatsiyasi beriladi. Qo‘limizda yetarli pulimiz yoki yerimiz bo‘lganidan keyin egasining roziligi bilan buzishga qaror qilamiz. Oldingidagi kabi [qonunsiz xususiy mulklarni buzish - «snos»] ishlarni qilmaslikka harakat qilamiz. Oldimizga shu maqsadni qo‘ydik», - dedi Toshkent shahar hokimi.

Top