22:37 / 19.12.2020
7874

«Ko‘p masala shu orqali hal bo‘lmoqda» - Namangan viloyati hokimi ijtimoiy tarmoqda muammolarni o‘rganishi haqida gapirdi

To‘raqo‘rg‘on madaniyat saroyida jurnalist va blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishni yoqladi.

«PR o‘zini ko‘rsatish emas. Men piar qilganim yo‘q, xalqqa yaqin bo‘lish uchun harakat qilyapman. Aslida PR so‘zining ham «jamoatchilik bilan aloqalar» ma'nosini bildirishini barchamiz bilamiz. Axborot xizmatiga vazifa qo‘yganman, har bir chiqqan postga rasmiy munosabat bildiriladi, tegishli tashkilotga borib, nazorat qilinadi. Shuning uchun ham ko‘proq material qo‘yishga harakat qilamiz, bu orqali o‘sha materialga aholining ijobiy yoki salbiy munosabatini bilish uchun. Bu borada mana jurnalist va blogerlar katta yordam beryapti», degan Shavkat Abdurazzoqov.

U ijtimoiy tarmoqlarda yoritilayotgan har bir ma'lumotni kuzatib borishini, ayniqsa viloyatga doir axborotlarni va undagi izohlarni birma-bir o‘qib borishini ta'kidladi. U o‘zi murojaatlar aks etgan postlarni skrinshot qilib, tegishli mutasaddilarga skrinshotni yuborib, masalani hal qilish topshirig‘ini berishini aytib o‘tdi. 

«Ko‘pchilik bilmaydi, shu orqali ham ko‘p masalalar yechimga keltirilyapti», deydi hokim.

Ma'lumot uchun, hokimning hududlardagi o‘rganishlari feysbuk tarmog‘ida doimiy ravishda to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatiladi.

Avvalroq prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Vazirlar Mahkamasining davlat organlari faoliyatini yoritishda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori loyihasini muhokamaga taqdim etgandi. Unga ko‘ra O‘zbekiston davlat idoralari OAV bilan faol hamkorlik qilish va ijtimoiy tarmoqlardan sahifa ochish majburiyatini oladi.

Top