12:12 / 19.12.2020
9973

Korrupsiya holati to‘g‘risida xabar bermaganlik xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga asos bo‘lishi mumkin

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Bosh prokuratura tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi muhokama uchun joylashtirildi. Unga ko‘ra, Mehnat kodeksida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida chora ko‘rmagan, jinoyat, shu jumladan, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish majburiyatini bajarmagan xodimga nisbatan javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun loyihasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish asoslari ro‘yxati (Mehnat kodeksi 100-moddasining ikkinchi qismi)ni yangi band bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda. Unga binoan endilikda xodim manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida qonun hujjatlarida belgilangan choralarni ko‘rmaganligi hamda jinoyatga, shu jumladan, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlari to‘g‘risida xabar berish majburiyatini bajarmaganligi tufayli xodim bilan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganda, davlat organlari xodimlari o‘zlarining bevosita rahbarini darhol xabardor qilishi kerakligi, bunday ma'lumotni olgan rahbar manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishi lozimligi belgilangan.

Shuningdek, mazkur Qonunning 26-moddasiga ko‘ra, davlat organlari xodimlari ularni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etishga ko‘ndirish maqsadida biror-bir shaxs o‘zlariga murojaat etganligiga doir barcha holatlar to‘g‘risida, shuningdek, boshqa xodimlar tomonidan sodir etilgan shunga o‘xshash huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma'lum bo‘lib qolgan har qanday faktlari haqida o‘z rahbarini yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor qilishi lozim. Ushbu moddada yuqoridagi majburiyatning davlat organlari xodimlari tomonidan bajarilmaganligi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi qayd etilgan.

Biroq ushbu majburiyatlarni bajarmaganlik uchun qonunchilikda biror-bir javobgarlik belgilanmagan edi. Yuqoridagi qonun loyihasi mazkur holatni bartaraf etish, xodimlar mas'uliyatini yanada oshirish, jamiyatda jinoyat, shu jumladan, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan.

 

Mavzuga oid
Top