12:29 / 19.12.2020
3345

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonun ma'qullandi

Senatning o‘ninchi yalpi majlisida “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida bo‘ldi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Ta'kidlanganidek, ushbu Qonun 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini tegishli Davlat dasturining ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik bazasini tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, shuningdek, ularning ijrosi monitoringini takomillashtirish, norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalari dolzarb masala ekanligi qayd etildi.

Qonunchilik amaliyotida norma ijodkorligi faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining tarqoqligi huquqni qo‘llash amaliyotida turli muammolar va kolliziyalarni keltirib chiqarayotgan edi.

Yangi tahrirdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunda amaldagidan farqli o‘laroq bir qator yangiliklar belgilanmoqda. Bunda:

  • qonunchilik hujjati loyihalari yuzasidan o‘tkaziladigan ekspertizalar, jumladan, korrupsiyaga qarshi va gender tenglikni ta'minlash ekspertizalari hamda ularni o‘tkazish tartibi;
  • loyihalarni O‘zbekiston Respublikasi Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida muhokama qilinishining huquqiy mexanizmi;
  • loyiha ta'sirini baholash instituti kiritilishi;
  • huquqiy eksperiment o‘tkazish tushunchasi va uni o‘tkazish tartibi;
  • qonun hujjatlari va qonunosti hujjatlariga qo‘yiladigan asosiy talablar kabi masalalarga alohida e'tibor qaratildi.

Senatorlarning ta'kidlashicha, Qonun qabul qilinishi natijasida huquqiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan davrda norma ijodkorligi faoliyatiga taalluqli bo‘lgan barcha o‘zgartirishlar, shu jumladan, qonunlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilish mexanizmini qonunchilik darajasida mustahkamlash ta'minlanadi.

Senat a'zolari mazkur Qonunni ma'qulladi.

Top