10:02 / 19.12.2020
5756
“Odamlarimiz orasida noshukrlik qilayotganlar ham bor” - Sirdaryo viloyati hokimi

Sardoba suv ombori  halokati yuz bergan hududlarda yashovchi 300 ga yaqin oila boshqa viloyatlarda, boshqa tumanlarda yashaydigan qizlarini uy olish maqsadida turmushidan chiqarib, uyiga olib kelgan. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev xalq deputatlari viloyat Kengashining 15-sessiyasida ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1800 dan ziyod beton panelli uylar hamda 3 ta 2640 xonadonli shaharchani respublika va homiylik mablag‘lari hisobiga 150 kun ichida qurib bitkazib, egalariga topshirishga erishildi.

Uylarni topshirish vaqtida ishchi guruh tomonidan yoshi ulug‘, keksalar, uyida nogironligi bor farzandini boqayotgan oilalar, ko‘p bolali oilalarga alohida e'tibor qaratildi. Ularga asosan birinchi qavatdan joy berildi. Hammasi qur'a asosida o‘tkazildi.

Hozirga qadar 2140 oila uyga ko‘chib kirdi. Yana 500 ta uy bor. Bitta xonadonda 3 ta oilalilar – 200 ga yaqin, 2 ta oilalilar – 110 ga yaqin hamda GASN tashkiloti tomonidan “yashab bo‘lmaydi” degan xulosa berilgan 100 dan ortiq oilalar bor.

“Bular bilan bir qatorda muammolarimiz ham mavjud. Odamlarimiz orasida noshukrlik qilayotganlar ham bor. Menga bu gaplarni aytish og‘ir, lekin ochiq aytishim kerak. Shu hududlarda yashovchi 300 ga yaqin oila boshqa viloyatlarda, boshqa tumanlarda yashaydigan qizlarini uy olish maqsadida turmushidan chiqarib, uyiga olib kelgan. O‘zi yangi xonadonlardan olgan. Kelib yana aytyapti, mana qizim 4 ta farzandi bilan kelib qoldi. Nega unga uy bermaysizlar deyapti. Ulardan ajrim qog‘ozi, ajrashganligini isboti so‘ralganda taqdim eta olishmadi.

Ikkinchisi, bir xonadon kadastrida bir nechta oila bor. Aslida farzandlari oila qurib yoki alohida ko‘chib chiqib Gulistonda, Yangiyerda, Xovosda yashaydi. Kadastr hujjatidan chiqarilmagan. Endi u ham da'vo qilyapti, o‘g‘limga yoki qizimga ham uy berasan deb.

Uchinchisi, birga yashagan aka-ukalarga ham 2 ta alohida uy berilgan. Mukammal ta'mirlangan 3 xonali uy. Bunda 2 ta uyga egalik huquqini olyapti-da, ertasiga bittasini 100 mln so‘mga sotuvga qo‘yyapti”, - dedi Sirdaryo viloyati hokimi.

Top