17:33 / 19.12.2020
3528
Oliy sud plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 4ta qaror loyihasi ko‘rib chiqildi

2020 yil 19 dekabr kuni Oliy sud plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Majlisda Oliy sud plenumining “Jinoyat sabablari va ular sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash bo‘yicha sudlar rolini oshirish to‘g‘risida”, “Sud tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha dalillar va isbotlashga oid qonun normalarini qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida” va “Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorlari loyihasi muhokama qilindi.

“Jinoyat sabablari va ular sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash bo‘yicha sudlar rolini oshirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi sudlar tomonidan jinoyatlarning oldini olish choralariga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarining to‘g‘ri qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqildi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 296-moddasiga muvofiq surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishda jinoyat sabablarini va ular sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashlari shart bo‘lib, bu jinoyatchilik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan faoliyat samaradorligini jiddiy tarzda oshirish vositasi hisoblanadi.

Jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash masalasini hal qilish chog‘ida, sudlar surishtiruv yoki dastlabki tergov organi tomonidan protsessual qonun talablari, shu jumladan, jinoyat sabablari va ular sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashga doir talablari bajarilgan-bajarilmaganligini sinchkovlik bilan tekshirishlari zarur. Qonunning bu talabi bajarilmagan bo‘lsa, sud bunday holatlar aniqlanishini ta'minlovchi choralar ko‘rishi shart.

Qonunga ko‘ra, sud jinoyat sodir etilishiga imkon bergan holatlarga taalluqli faktik ma'lumotlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirib chiqishga majbur. Shu maqsadda, zarurat bo‘lganda, sud majlisiga qo‘shimcha guvohlarni chaqirish, boshqa dalillarni talab qilib olish lozim. Ishlab chiqarish texnologiyasi buzilganligi, mexanizmlar texnik holati va h. k. bilan bog‘liq holatlarni aniqlash uchun sud mutaxassislar yordamidan foydalanishga, zarurat tug‘ilganda, ekspertiza o‘tkazishga haqli.

Agar sud muhokamasi davomida qonun buzilganligi yoki mansabdor shaxslar tomonidan xizmat vazifalari vijdonan bajarilmaganligi, shuningdek, fuqarolarning ishlab chiqarishda yoki turmushda noo‘rin xulq-atvori, ular tomonidan ijtimoiy burch buzilganligi bilan bog‘liq holatlar aniqlansa, sud mazkur shaxslarni sud majlisida guvoh tariqasida so‘roq qilishga haqli.

Plenum qarori loyihasiga ko‘ra, sudlar jinoyatlar profilaktikasiga oid faoliyatida sud protsessida jamoatchilik ishtiroki samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar ko‘rishi zarur.

Sud muhokamasida jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi ishtirok etishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi masala jamoat tashkiloti yoki mehnat jamoasi iltimosnomasiga ko‘ra, sudyaning ajrimi bilan hal qilinadi. Bunda jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi vakolatli organ tomonidan yuborilganligi, uning vakolatlari tegishli tartibda tasdiqlanganligi, muayyan shaxsning sud muhokamasida ishtirok etishiga to‘sqinlik qiluvchi holatlar (ko‘rib chiqilayotgan ishda jabrlanuvchi, guvoh, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar sifatida ishtirok etishi, ish natijasidan shaxsan manfaatdorligi va h.k.) bor-yo‘qligi tekshirilishi kerak.

Jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi jamoat tashkiloti umumiy yig‘ilishi yoki uning saylanadigan organi tomonidan, korxona, muassasa, tashkilot mehnat jamoasining yoki uning tashkiliy bo‘linmasi (birlashmaning ishlab chiqarish birligi, sex va h.k.) umumiy yig‘ilishi tomonidan ko‘rsatilishi mumkin. Jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisini korxona yoki muassasa ma'muriyati iltimosnomasiga ko‘ra ishda ishtirok etishiga ruxsat berish qonunga asoslanmagan. Bir jamoat tashkiloti yoki mehnat jamoasidan aynan bir sudlanuvchiga nisbatan jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi, chunki bunday hollarda jamoatchilikning haqqoniy fikri ifoda etilmaydi. Ishni sudda ko‘rish uchun tayinlangandan so‘ng, ishda ishtirok etishga ruxsat etilgan jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisiga, uning iltimosiga ko‘ra, ish materiallari bilan tanishish va zarur ma'lumotlarni yozib olish imkoniyati berilishi, sud majlisining tayyorlov qismida esa protsessual huquqlari tushuntirilishi lozim.

Plenum qarorining qabul qilinishi jinoyatlarning oldini olish hamda ularga chek qo‘yish, shuningdek, ular sodir etilishi sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish imkonini beradi. Sud protsessida jamoatchilik vakillarining ishtirok etish tartib-tamoyillariga yanada oydinlik kiritadi.  

Yangi Fuqarolik protsessual kodeksi amalga kiritilishi munosabati bilan, shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha dalillarga oid qonun normalari sudlar tomonidan to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan hamda plenum majlisida muhokama etilgan “Sud tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha dalillar va isbotlashga oid qonun normalarini qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bilan sudlarga Fuqarolik protsessual kodeksining 71-moddasiga ko‘ra, fuqarolik ishi bo‘yicha dalillar deganda, taraflar o‘z talablari va e'tirozlarini asoslayotgan holatlar, shuningdek, ishning to‘g‘ri hal qilinishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa har qanday holatlar mavjudligi yoki mavjud emasligini sud qonunda belgilangan tartibda aniqlashi uchun asos bo‘ladigan har qanday faktik ma'lumotlar tushunilishi tushuntirilmoqda.

Plenum yig‘ilishi ishtirokchilari iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, sudlar tomonidan mazkur masalaga doir qonun hujjatlari to‘g‘ri qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasini ham muhokama qildilar. Plenum qarori loyihasida iqtisodiy ishlarni ko‘rishda davlat boji undiriladigan arizalar va shikoyatlar turlari, davlat boji, pochta va boshqa sud xarajatlarini undirish hamda taraflar o‘rtasida taqsimlash xususiyatlari, davlat bojidan ozod qilish va uni qaytarish asoslari kabi masalalar bayon etilgan bo‘lib, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, sudlar tomonidan mazkur masalaga doir qonun hujjatlari to‘g‘ri qo‘llanilishini ta'minlashga qaratilgan.

Bundan tashqari, majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ham muhokama qilindi.

Ushbu plenum qarori loyihasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha 7ta, iqtisodiy ishlar bo‘yicha 16ta plenum qarorlariga, shuningdek, 3ta qo‘shma plenum qarorlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Mazkur hujjat bilan yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga muvofiq aynan qanday soliqlar va yig‘imlar joriy qilingani, sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortish asoslari, qaysi holatlarda bu turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortish mumkin emasligi, tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari yana qanday huquqlarga ega ekanligi, tadbirkorlik faoliyatini maxsus ruxsatnoma olmasdan va ro‘yxatdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan holda amalga oshirilganida shaxsning qilmishi kvalifikatsiyasi kabi masalalarga atroflicha tushuntirish berilmoqda.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Top