17:29 / 19.12.2020
5993

Ortiqxo‘jayev 2021 yilda yoshlar uchun poytaxtda qanday infratuzilma bo‘lishini ma'lum qildi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev “Toshkent yoshlar forumi – 2020”da “2021 yilda poytaxtda yoshlar hayoti” mavzusida taqdimot qildi. Unda 2021 yilda Toshkent shahrida yoshlar uchun qanday infratuzilma yaratilishi haqida ma'lumot berildi.

Taqdimotda ta'lim, sport va madaniyat, IT yo‘nalishi, yoshlar bandligini ta'minlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator rejalar e'lon qilindi.

Bildirilishicha, kelasi yilda poytaxtda Markaziy Osiyo xalqaro davlat ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi, 128ta mahallada kichik ko‘cha sporti maydonchalari (“Street Workout”, basketbol, voleybol, badminton) tashkil etiladi. 2021 yilda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni sport va sog‘lom turmush tarziga keng jalb qilish maqsadida Chilonzor, Sergeli, Olmazor, Yashnobod tumanlarida yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar atrofida 13ta kichik sport maydonlari va 6ta yengil konstruksiyali sport zallari barpo etiladi.

Bundan tashqari, 12ta sport inshootlaridagi mavjud 18 400 kv metr bo‘sh hududlarda davlat-xususiy sherikchilik asosida yangi sport inshootlari quriladi. 12ta markaziy ko‘chada 50 km.dan iborat piyoda va velosipedda yurish uchun maxsus “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etiladi.

IT yo‘nalishda “Yashnobod” innovatsion texnoparki ishga tushiriladi. Uning rezidentlari soni 60taga yetkazilib, 720dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Aholi hordiq chiqaradigan maskanlar soni ham ko‘payib, Alisher Navoiy nomidagi milliy bog‘ hududida 21 gektar maydonga ega “Magic city” ko‘ngilochar bog‘i ishga tushiriladi. 

“Bular hali hammasi emas. Bularning barchasi hozirgi rejalar. Yil davomida hali yana yangiliklar bo‘laveradi. Yangi taklif va g‘oyalar amalga tatbiq etiladi”, deya shahar hokimining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent yoshlar forumi singari tadbirlar kelasi yilda yana ham ko‘proq bo‘lishini bildirib o‘tdi.

“Keyingi yilda pandemiya tinchib ketsa, sizlarni hozirgiday bayramlar bilan tindirmaymiz”, dedi u.

Top