08:32 / 19.12.2020
4169

O‘simliklar karantini bo‘yicha ilmiy markazning vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «O‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi va uning mintaqaviy filiallari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma xabariga ko‘ra, prezidentning «O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq O‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Markaz Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi O‘simliklar karantini ilmiy markazi negizida tashkil etilgan.
 
Toshkent davlat agrar universitetining Termiz, Nukus, Samarqand filiallarida hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida zamonaviy laboratoriyalar bilan jihozlangan markazning mintaqaviy filiallari tashkil etilgan.
 
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • O‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazining tuzilmasi;
  • markaz mintaqaviy filiallarining namunaviy tuzilmasi;
  • markazning ustavi.

Quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • respublika hududida katta iqtisodiy zarar keltirishi mumkin bo‘lgan zararli organizmlarning fitosanitar xavfi tahlilini o‘tkazish va ular kirib kelishining oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan fitosanitar choralar ishlab chiqish;
  • karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlar o‘choqlarini yo‘q qilish dasturlarini ishlab chiqish;
  • karantin obektlari va o‘simliklarning boshqa xavfli zararli organizmlarini aniqlash va ularning diagnostikasining ekspress-usullarini hamda ularga qarshi kurashishning uslublarini ishlab chiqish;
  • zararli organizmlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ta'sirini ilmiy jihatdan o‘rganish va yangi turdagi entomofaglarni iqlimlashtirish;
  • inspeksiya xodimlariga, tadbirkorlik sub'yektlarining agronom hamda entomologlariga bilim berish, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

Markaz «O‘zagrokimyohimoya» AJ huzuridagi O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti binosida quyidagi manzil bo‘yicha joylashgan: Toshkent viloyati, Qibray tumani, Bobur ko‘chasi, 4-uy.
 
Hujjat 7.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Top