12:43 / 19.12.2020
6416
Oybek Usmonov O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi etib tayinlandi

Oliy Majlis Senati o‘ninchi yalpi majlisida O‘zbekistonning Pokistondagi elchisini tayinlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senatorlar Oybek Orifbekovich Usmonovni O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Elchi lavozimiga nomzodni taqdim etish uchun so‘z tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Farhod Orziyevga berildi. 

«O‘zbekiston Respublikasining shu kungacha Misrda favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib ishlab kelgan Oybek Orifbekovich Usmonovni O‘zbekiston Respublikasining Pokiston Islom Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimiga tayinlash bo‘yicha taklif kiritilmoqda», - dedi tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari.

Oybek Usmonov 1962 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. 1985 yilda Toshkent Davlat universitetini sharq tillari va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 

1998 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur davr mobaynida Tashqi ishlar vazirligi Markaziy apparati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Karachi shahrida Pokiston bosh konsuli bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasining Isroil davlati hamda Pokistonda favqulodda va muxtor elchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 

2011-2013-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2013 yildan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasining Misrdagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan hamda 2020 yilda o‘rindoshlik asosida O‘zbekistonning Marokashdagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlagan.

Top