14:04 / 19.12.2020
3682
O‘zbekistonda yolg‘on axborot tarqatganlik uchun jinoiy va ma'muriy javobgarlik belgilanmoqda

Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilash to‘g‘risida yangi moddalar kiritildi. Bu haqda Senatning o‘ninchi yalpi majlisida axborot berildi.

Foto: Getty Images

Majlisda «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun muhokama qilindi va senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Hujjatga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro‘sizlantirishga olib keladigan, jamoat tartibi yoki xavfsizligi uchun tahdidga ega bo‘lgan yolg‘on axborotni tarqatish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki internet tarmoqlariga joylashtirish orqali tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Shu bilan birga, qonunda axborot egalarining so‘z mas'uliyati va uning oqibatlari bo‘yicha javobgarlikni his qilishi, boshqa shaxslarning huquqlari kafolatlanishi ham tegishlicha belgilab qo‘yilgan.

Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmud Parpiyev mazkur qonunni ishlab chiqishda 30dan ortiq mamlakat qonunchiligidagi tajribalar o‘rganilganini aytib o‘tdi.

«Xususan, Hamdo‘stlik va Yevropa mamlakatlari qonunchiligida OAV yoki internet tarmog‘i orqali tuhmat, haqorat shuningdek, shaxsni kamsitish, unga nisbatan ommani chalg‘ituvchi axborot tarqatganlik uchun huquqni cheklash bilan bog‘liq turlicha jinoiy jazolar va yuqori jarimalar belgilangan.

Masalan, Fransiyada bunday qilmishlar uchun 569 ming yevro jarima yoki 5 yilgacha qamoq jazosi, Rossiya Federatsiyasida 500 mingdan 5 mln rublgacha jarima yoki 160 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari belgilangan.

Shuningdek, Germaniyada bunday harakatlar uchun 3 oydan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi o‘rnatilgan bo‘lib, bo‘hton yoki yolg‘on axborot tarqatish vatanga xiyonat darajasida baholangan.

Hatto OAV sohasida ustuvor erkinlik amal qiladigan Norvegiya qonunchiligida ham tuhmat, haqorat va yolg‘on axborot uchun tegishli jarima hamda 1 yilgacha qamoq jazosi mavjud. Bu haqida Norvegiya konstitutsiyasida mustahkamlab, yozib qo‘yilgan ekan.

O‘z o‘rnida ko‘pchilikni qiziqtiradigan AQShning 19ta shtatida qat'iy jinoiy javobgarlik amal qiladi. Ya'ni, OAVda tuhmat, haqorat, shuningdek jamoaviy ayblash uchun sud tartibida 10 mingdan to 250 ming dollargacha jarima yoki 6 oydan 10 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Italiyada esa tuhmat yoki uydirma, ommani chalg‘ituvchi axborot tarqatgan OAV yoki internet manbasidan tashqari, bunday axborotni ko‘chirib bosgan yoki tarqatgan barcha shaxslar teng javobgarlikka tortiladi. Ularga 500 dan 2000 yevrogacha jarima yoki 6 oydan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Ko‘rib turganimizdek, bunday qayd qilingan harakatlar uchun xalqaro hamjamiyat tegishli jazo va ta'sir choralarini belgilash amaliyotini keng qo‘llamoqda», dedi Mahmud Parpiyev. 

Top