20:37 / 19.12.2020
4378

Sherzod Shermatov vazirlar va rahbarlarni o‘zlari ta'lim olgan maktabga borishga chaqirdi

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov imzosi bilan tarqalgan xatda vazirlar va rahbarlardan o‘zlari o‘qigan maktablarga borish va taqiqlangan bayram tadbirlaridan tejalgan mablag‘lar hisobiga ta'lim maskanlariga imkon qadar amaliy yordam berish so‘ralgan.

«O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining Bayonotida vazirlik, idoralar, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar va boshqa tashkilotlarga turli korporativ bayram tadbirlari tashkil etish taqiqlanganligi sababli, korporativ bayram tadbirlaridan tejab qolingan mablag‘larni ta'lim, sog‘liqni saqlash, mehribonlik uylari va boshqa ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish tavsiya etilgan.

Shu munosabat bilan, mazkur bayonotning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib hamda «Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi» shiori targ‘ibotini kengaytirish maqsadida, siz ta'lim olgan umumta'lim maktabiga tashrif buyurib, uning bugungi kundagi faoliyati, yutuqlari, moddiy-texnika bazasi holati bilan tanishishingiz va maktab jamoasi bilan kelajakdagi rejalari haqida suhbatlar o‘tkazib, imkoniyat darajasida amaliy yordam ko‘rsatishingiz maqsadga muvofiq bo‘lar edi», deyiladi vazirning 18 dekabr kuni vazirlik va davlat qo‘mitalari rahbarlariga yo‘llangan xatida.

Shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi rasmiy sahifalarida ta'limga befarq bo‘lmagan, bolalarning yanada yaxshi sharoitlarda o‘qishi uchun amaliy yordam berayotgan rahbarlar, tadbirkorlar va fuqarolarga minnatdorchilik bildirilgan.

Top