14:37 / 20.12.2020
42288
Angrendan Kaliforniyagacha: UBER'da ishlayotgan 23 yoshli o‘zbek yigiti bilan suhbat

Darxonbek Mamataliyev 23 yoshda. U 2015–2019 yillarda Toshkentdagi Inha universitetida tahsil olgan. Hozirda xalqaro UBER kompaniyasida IOS dasturchi-injyeneri bo‘lib ishlamoqda.

Darxonbek «Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida dasturlashga kirib kelgani, yirik kompaniyalarga ishga kirishi qanday kechgani haqida gapirib berdi.

«Ota-onam – o‘qituvchi. Ular men uchun eng zo‘r investor»

— Dasturlashga qiziqishim maktab davridan ham avvalroq bo‘lgan. Kichikligimda dadam kompyuter olib kelganda Paint'da rasmlar chizardim. Excel, Word'ni zo‘r bilardim. Ota-onam o‘qituvchi bo‘lganliklari uchun shu dasturlarda ularga o‘quv materiallarini tayyorlab berardim.

Maktabda 9-sinfda informatika fanidan HTML bo‘yicha darsda veb-sayt yozganman. Samsung Galaxy S3 va iPhone 4S telefonlari taqqoslangan jurnalni sayt qilganman. Shundan keyin HTML menga juda ham yoqib qolgan. O‘sha paytlarda bir akam Linux'da ishlardi. U hatto sichqoncha ishlatmasdi, hamma ishni klaviaturada juda tez qilardi. Uni juda zo‘r dasturchi deb o‘ylab, havas qilganman, unga o‘xshamoqchi bo‘lganman.

Kollejda o‘qib yurganimda algoritmlar bo‘yicha MDH davlatlari orasidagi olimpiadada qatnashganman. Hech qaysi topshiriqni ishlay olmay, uyalib chiqib ketganmiz. Shunda sohani chuqur o‘rganish kerakligini tushunganman. Toshkentga kelib, S++ dasturlash tilini o‘qiganman. Bu menga juda yoqqan. Kelasi yil yana o‘sha olimpiadada qatnashib, yarim finalga chiqqanmiz va menda motivatsiya paydo bo‘lgan. Keyinchalik turli tanlovlarda qatnashib, shu sohaning ichiga kirib ketdim.

Informatikadan respublika olimpiadasida qatnashganman, lekin yuta olmaganman. Yutmaganim ham bir tomondan yaxshi bo‘lgan, yutganimda balki bu sohaga kirmasdim. O‘shanda Toshkent shahrida Janubiy Koreyaning Inha universiteti ochilishini, u axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis tayyorlashini eshitganman. U paytda TATUga kirishni orzu qilib yurganmiz, INHA men uchun Harvard, Oksforddek bo‘lgan. O‘qiy olmasam kerak deb o‘ylaganman. Chunki pul yo‘q, IELTS yo‘q. Lekin ishtiyoq bor. Universitetning o‘zidagi tayyorlov kursida yarim yil qatnashib, keyin o‘qishga kirganman.

Dadam – fizika-matematika, onam – rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi. O‘rtacha oylik budjetimiz o‘shanda 300 dollar atrofida bo‘lgan. O‘qishimning yillik kontrakti esa 2,5 ming dollar. Juda qiynalganmiz. Oilada to‘rt farzandmiz. Kontrakt to‘lash qiyin bo‘lgan, lekin ota-onam pul muhim emasligini, asosiysi bilim ekanini bilishgan. Ota-onam men uchun eng zo‘r investor deb hisoblayman. Tog‘alarim ham ziyoli odamlar. Ular uy-joyga emas, odamlarga, ta'limga investitsiya qilish kerak, deb ota-onamga aytishgan.

O‘qishning birinchi yilida ta'limdan qoniqmaganman. Chunki men oddiy kollejdan chiqqanman, Inhada esa hamma darslar ingliz tilida bo‘ladi, unda yaxshi litsey, maktablardan kelgan bolalar bor edi. Ikkinchi yil birinchi semestrdan keyin kontrakt to‘lashga umuman pulim qolmagan va o‘qishni tashlash haqida o‘ylaganman. Shunda ham ota-onam, tog‘alarim o‘qishni davom ettirishga ko‘ndirishgan. Shunchalar jahl qilib, hech narsaga qaramay, butun borlig‘imni o‘qishga berib o‘qiganmanki, talabalar orasida eng yuqori ballni olganman. Va keyingi semestrda bepul o‘qish uchun grant yutib olganman.

O‘qisa bo‘lar ekan-ku, deb davom ettirganman va keyingi semestr uchun ham grant yutganman. O‘qishda yaxshi natijalar ko‘rsatish uchun to‘g‘ri strategiyalardan foydalanish kerak xolos.

«Loyiha topshirmagan bo‘lsam-da, Koreyaga grant berishgan»

Darxonbek Mamataliyev

— O‘qishni bitirganim bilan tajribam bo‘lmasa, hech kim meni ishga olmasligini bilganim uchun ish izlay boshladim. 2015 yilda Farhod Musayev degan inson bilan tanishganman, o‘shanda O‘zbekistonga birinchi bo‘lib bolalarga dasturlashni o‘rgatish loyihasini – Codecraft'ni olib kirganmiz. 8–9 yoshli bolalarga dasturlashni o‘rgatish bo‘yicha ish boshlaganmiz. Darsliklarni o‘zimiz tuzib chiqqanmiz.

Ishni 15 nafar bola bilan boshlagan bo‘lsak, hozirgacha Codecraft'da minglab bolalar dasturlashni o‘qib chiqishgan.

Kunduzi o‘qib, kechqurun bolalarga dasturlashdan dars berardim. Bu loyihadagi ikki yillik faoliyatim davomida 3ta darslik tuzdim, 500dan ziyod bolani o‘qitdim. Codecraft tufayli men Inhada grant uchun loyiha topshirmagan bo‘lsam ham, Janubiy Koreyada o‘qish uchun grant berishgan.

Bu ishlarimni ko‘rib, 2018 yilda Microsoft kompaniyasi meni Singapurdagi o‘qituvchilar konferensiyasiga – Educator’s Exchange'ga taklif qilgan. Singapurda Microsoft'ning sertifikatsiyasidan o‘tganman, ya'ni hozir ta'lim berish bo‘yicha bu kompaniyaning sertifikatiga egaman.

«O‘qishdagi yutuqlar va amaliyot – mutlaqo boshqa-boshqa narsalar»

— 2016 yilda Farhod Chinberdiyev degan dasturchi bilan uchrashganman. U meni nima bilan hayron qoldira olasan degan. O‘qishdagi yutuqlarim, Windows Phone uchun dasturlar yozib yurganimni ko‘rsatganman. Lekin u men qoyil qolmadim, bularning barchasi hech narsa emas degan. Bu menga juda qattiq tekkan, lekin hayotimda burilish nuqtasi bo‘lgan.

O‘zimni dasturlashni zo‘r bilaman deb o‘ylaganman, talabalar orasida zo‘rman degan illyuziyaga berilganman. Lekin Farhod Chinberdiyev mening ko‘zimni ochgan. Odam o‘qishda zo‘r bo‘lgani bilan, amaliyot – mutlaqo boshqa. Universitetda zo‘r o‘qib, tanlovlarda yutib yurish va qaysidir kompaniya uchun real mahsulot ustida ishlash – umuman boshqa-boshqa narsalar. Bunga boshqacha bilim, ko‘nikma, dissiplina kerak. Lekin bunaqa narsa talabalarda yo‘q, bular universitetda o‘qitilmaydi.

Talabalar – dissiplinasi yo‘q odamlar. Ishlash esa dissiplinaga o‘rgatadi, real ko‘nikmalarni beradi, odam o‘z ustida ishlashni boshlaydi.

«Super Dispatch'ga ishga olishlarini eshitganda, ishonmaganman»

— Koreyaga borib kelganimdan keyin yana Farhod Chinberdiyevga aloqaga chiqdim, bu gal o‘z ustimda ishlagan, qo‘limda tayyor mahsulotim bor edi. Super Dispatch'ga stajirovkaga kirdim. Bu yerda 6 oy bepul ishlaganman. IOS'ni noldan o‘rganganman. Keyin shu yerning o‘zida menga ish berishlarini aytishgan. Ishonmaganman. Chunki menda impostor sindromi, ya'ni o‘zimga nisbatan ishonchsizlik bo‘lgan. Ular zo‘r, men bunaqa ishlarni qila olmasam kerak degan o‘y bor edi. Bu hammada bo‘ladi, har kim bundan o‘tishi kerak.

2018 yil qish oylarida Super Dispatch'ga yarim stavkaga ishga kirib, 200 dollar oylik olganman. 2019 yilda grin-kard yutib olgach, Super Dispatch'dan ketdim va hali O‘zbekistonda bo‘la turib, AQShda ish izlay boshladim.

«EPAM'da katta dasturchi-muhandis lavozimini berishgan»

— Men O‘zbekistondagi birinchi Microsoft student partner, ya'ni kompaniyaning universitetidagi elchisi bo‘lganman. Kompaniya nomidan avval universitetda, keyin Qozog‘istonda qizlarga robototexnikani o‘rgatish bo‘yicha tadbir qilganmiz. Shunda Microsoft'da ishlaydigan Nurlan degan inson bilan uchrashdim, AQShda ish izlayotganimni aytdim. U o‘z navbatida EPAM (AQShdagi IT kompaniya)da ishlovchi Oljas ismli boshqa qozoq insonga men haqimda aytgan. Bunga avvaliga e'tibor bermadim, ammo oradan ozroq vaqt o‘tib, Oljas meni EPAM'da referal qilib olishini, rezyumemni kompaniya ichki tizimiga ko‘rib chiqishlari uchun yuborishini aytgan.

Referal olish bu – referal berayotgan odam sizni kompaniyaga tavsiya qiladi. Kompaniyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujjat topshirganda rekruterlar e'tibor bermasligi mumkin, chunki ularga minglab arizalar kelib tushadi. Ammo referal orqali topshirganda uni rekruterlar ko‘rish ehtimoli kafolatlangan.

Shunday qilib, bir haftadan keyin men bilan rekruter bog‘langan. Kompaniya menejyerlari bilan suhbatdan o‘tganman, lekin ularning mijozlari bilan bo‘lgan suhbatdan o‘ta olmaganman. Boshqa loyiha uchun qilingan ikkinchi intervyu muvaffaqiyatli o‘tdi. Suhbat bir yarim soat cho‘zilgan. Intervyu uzoq davom etdimi, bu yaxshi signal. Chunki bu sizga o‘zingiz haqingizda ko‘p gapirishga ruxsat berildi, degani. Shuni unutmaslik kerak, suhbat jarayonida faqatgina sizdan savol so‘rashmaydi, siz ham ularga savol berasiz, maosh, sharoit, jamoa, bonuslar, yuklama haqida so‘rash kerak.

Super Dispatch'da quyi (junior) dasturchi bo‘lib ishlagan bo‘lsam, EPAM'da katta (senior) dasturchi-injyenerlik lavozimini berishgan. Kuniga 8 soat ishlardim, kichik muddatlarga shartnoma tuzilganda, keyinchalik uning muddatini cho‘zib borganman.

To‘liq stavkaga o‘tmasligimning sababi – shartnoma asosida ishlaydiganlarga ko‘proq pul to‘lanadi. Chunki ularning ish xavfsizligi ta'minlanmagan, mehnat ta'tili yo‘q. Tavakkal katta bo‘lgani uchun oylik ham yuqori. To‘liq stavkaga ishga o‘tkazishlarini aytib, lekin maosh kamayishini aytishgach, yana ish izlashimga turtki bo‘lgan.

Boshqa dasturchi yoshlarga ham EPAM'da ishlab ko‘rishini maslahat beraman. Bu yerda belarusiyalik, ukrainalik, rossiyalik mohir dasturchilar bilan tanishish, ulardan ish o‘rganish imkoniyati katta.

UBER'ga ishga qanday kirdim?

— EPAM'dan ketadigan bo‘lgach, ko‘plab kompaniyalarga rezyume yubordim. Reddit va UBER'ning suhbatlaridan o‘tib, ishga kirdim. Ikkalasi bilan savdolashgandan keyin tanlov qilganman. Mahsulot, o‘sish darajasi, kompaniyadagi muhit, oylikdan kelib chiqib, UBER'ni (taksi xizmatini taklif etuvchi ilovani ishlab chiqqan kompaniya – tahr.) tanlaganman.

Karantin bo‘lgani uchun uyda ishlaganman, intervyuga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganman. Dasturchilar yirik kompaniyalarga ishga kirmoqchi bo‘lsa, Cracking the Coding Interview kitobini o‘qib chiqishni maslahat beraman. Bu – eng yaxshi qo‘llanma.

Shuningdek, LeetCode platformasida masalalar yechganman, 50ta mok-intervyu qilganman. Ya'ni ishga kirmoqchi bo‘lgan ikki injyener bir-biridan intervyu oladi, masala beradi va bir-biriga izoh beradi. Bu haqiqiy intervyudan o‘tish uchun yaxshi tayyorgarlik.

Muvaffaqiyatimning asosiy omillari haqida

— Muvaffaqiyatimning eng birinchi omili – ota-onam, qarindoshlarimning qilgan investitsiyasi.

Ikkinchidan, har bir ish joyimda ajoyib mentorlar bilan ishlaganman. Mentor o‘sishingizga yordam beradi. Siz ishlamoqchi bo‘lgan kompaniyada o‘zingizdan kuchliroq mutaxassis bo‘lsa, bu yerga ishga kiring. Aks holda o‘sish bo‘lmaydi.

Men dunyodagi har bir bola tekin va sifatli ta'lim olishga haqli, deb hisoblayman. Chunki tekin ta'lim sifatli bo‘lmasligi mumkin. Men sifatli ta'lim olganman, lekin u tekin bo‘lmagan.

18 yoshli Darxonga ko‘proq amaliyot o‘ta, kitob o‘qigin, degan bo‘lardim.

O‘qishga kira olmagan yoshlar nima qilishi kerak?

— Stajirovkaga topshirib ko‘rish kerak. Aynan universitetga borib o‘qish shart emas. Turli kurslar, ta'lim markazlariga borib o‘qish kerak. Dasturlashda hech kim diplom talab qilmaydi, qo‘lingizdan qanday ish kelishini so‘raydi.

Albatta, universitetning ham foydasi bor. O‘zi o‘rgangandan ko‘ra universitetni o‘qiganlar kuchliroq bo‘ladi deb o‘ylayman. Universitetni o‘qish ish vizasini olishga bonus bo‘ladi, oylik ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda axborot texnologiyalari rivojlanishi uchun avval internetni yaxshilash kerak. Yana bizda yirik loyihalar kam. Ko‘p zamonaviy instrumentlar katta mahsulotlarda ishlaydi. Odamlar ko‘p joyda o‘rganish ham oson bo‘ladi. Bizda esa bunaqa loyihalar kam.

Dasturlar bo‘yicha kitoblar ham qimmat. Bitta kitob 30–40 dollar turadi. Ularni arzonroq sotish chorasini qilish kerak.

Yoshlar o‘zining ingliz tili ko‘nikmalarini ko‘tarishi kerak. Til bilsa, imkoniyatlar ochiladi. Dasturlashda barcha ma'lumotlar ingliz tilida. Zo‘r ma'lumotlardan foydalanish imkoniyati ochiladi.

Top